Namanganda kamondan o‘q otish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” majmuasida kamondan o‘q otish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Olti kun davom etgan musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 200 dan ortiq yosh sportchi g‘oliblik uchun bellashdi. Ishtirokchilar o‘z mahorati, aniqligi va epchilligini namoyon etib, yuqori natijalar uchun kuch sinashdi.
Mazkur chempionat yoshlar o‘rtasida kamondan o‘q otish sport turini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularning malakasini oshirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, musobaqa yoshlarni sportga keng jalb etish, ularni intizom va matonat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bellashuvlar 4 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi. Umumiy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Farg‘ona viloyati, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahri, uchinchi o‘rinni Navoiy viloyati jamoalari egalladi.
[gallery-28933]
Jamoaviy bellashuvlarda o‘smirlar o‘rtasida Farg‘ona viloyati sportchilari birinchi, Jizzax hamda Samarqand viloyatlari jamoalari esa ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda ham Farg‘ona viloyati jamoasi g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rinlar Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA