Musobaqa g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Favqulodda vaziyatlar vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan mini futbol va voleybol bo‘yicha musobaqalarning final bosqichi yakunlandi. FVV Akademiyasida tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Sport orqali yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash va jamoaviy ruhni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi terma jamoasi munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, akademiya jamoasi mini futbol turi bo‘yicha 2-o‘rinni, voleybol yo‘nalishida esa 3-o‘rinni egalladi. Ushbu natijalar jamoaning puxta tayyorgarligi, intizomi hamda jamoaviy hamkorligining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Tadbirda musobaqalarda faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilar hamda ularning murabbiylari Akademiya rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Ularga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.


Tadbirda qayd etilganidek, mazkur natijalar akademiyada sportni rivojlantirish, tinglovchilarning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasidir.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA