Namangan shirmoy nonlari
Namangan shirmoy nonlari oʻzgacha mazasi va shakli bilan boshqalaridan ajralib turadi.
Namangan shirmoy nonlari oʻzgacha mazasi va shakli bilan boshqalaridan ajralib turadi. Bu non shirmon, shirmol nomlari bilan ham mashhur.
Shirmol – fors-tojik tilida “sutli non”, degan maʼnoni anglatadi. Uning shirmon kulcha, shirmon patir, qoʻshaloq shirmoy, payvand, obu hol, olcha gulli shirmoy kabi turlari bor. Shirmoy nonining Vatani Namangan hisoblanadi. Toshkent, Samarqand hamda Qoʻqon, Margʻilon, Andijon shaharlarida ham shu kabi nonlar yopiladi, ammo tayyorlanishi va mazasi bilan bir-biridan farq qiladi. Namangan shirmoyi uzoq muddat oʻz mazasi va holatini saqlab qolishi bilan ham oʻzgacha.
Shirmonpazlar nonning tayyorlanish jarayoniga katta eʼtibor beradi. Xamirturush mijgʻitguvchi, achituvchi vazifani bajarib tayyorlangan nonlar gʻovak va koʻrinishi chiroyli boʻladi. Bu gʻovaklar nonning tez hazm boʻlishiga yordam beradi. Shirmoy xamiri uchun xamir paygir solinadi. U noʻxat va arpabodiyon damlamasiga un qoʻshib tayyorlanadi. Xamir paygir xamirturush vazifasini bajaradi. Noʻxat va arpabodiyon damlamasiga un solib aralashtirib 12 soat mobaynida koʻpirtirilsa xamirturush tayyor boʻladi. Tayyor paygirni bugʻdoy uni bilan qoʻshib, xamir qoriladi. Yaxshilab qorilgan xamir kamida 2 soat tindiriladi. Koʻpchib chiqqan xamirdan 200-600 gramm zuvala uzib olinib, qoʻlda yoyiladi. Pichoq yordamida kesib shakl berilib pardozlanadi. Shirmoy usti kunjud, sedana bilan bezatilishi mumkin. Gʻoʻzapoya choʻgʻida pishirilgan nonlarning taʼmi oʻzgacha boʻladi.
Namanganda azaliy kasb bilan shugʻullanib, aholi dasturxonini shirmoy nonlar bilan bezayotgan sulola vakillari koʻplab topiladi.