Namangan maktablarida Yaponiya tajribasi
O‘sib kelayotgan yosh avlodni aqlan barkamol, ruhan tetik, tarbiyaviy jihatdan yetuk qilib voyaga yetkazish maqsadida Namangan viloyatidagi 17 ta umumta’lim maktabida sinov tariqasida “Yaponiya tajribasi” joriy etilmoqda.
Mazkur tajriba boshlang‘ich sinflarda tatbiq etilib, jami 95 ta sinfni qamrab oladi. Bugungi kunda yosh o‘g‘il-qizlar orasida ko‘p uchrayotgan intizom, mas’uliyat, jamoaviylikning sustligi, telefonga haddan tashqari bog‘lanish, befarqlik va tarbiyaviy bo‘shliq kabi muammolarga yechim sifatida ushbu tajriba muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan 7-9 yosh oralig‘ida bunday ko‘nikmalar shakllanishi inobatga olinib, tartib-qoidalar boshlang‘ich sinflardan boshlab joriy etilishi belgilangan. Tajriba doirasida har bir o‘quvchi sinf xonasiga kirganda o‘ziga biriktirilgan javonga kiyimlarini joylaydi, ovqatlanishda faqat shaxsiy idishlardan foydalanadi hamda sinf xonasining tozaligiga o‘quvchilarning o‘zi mas’ul bo‘ladi. Shu orqali bolalarda mustaqillik, tartib-intizom va jamoaga mas’uliyat hissi shakllantiriladi.
[gallery-27077]
Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov hududlardagi o‘rganishlari chog‘ida Namangan shahridagi 27-sonli umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ushbu ilm maskanida “kunchiqar o‘lka” metodologiyasi asosida o‘nta sinf faoliyat olib bormoqda. Tajribani samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida yaponiyalik mutaxassislar ham jarayonga jalb etilgan.
Viloyat rahbari bu masalaga yuzaki qaralmaslik lozimligini aytar ekan, ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan teran o‘gitini tilga oldi. Yangi tajriba asosida nafaqat o‘quvchilarning tarbiyasi, balki maktab muhitining yaxshilanishi, buning natijasida bolalarning ilmga bo‘lgan qiziqishi va intilishi ortadi.
O‘rganishlar chog‘ida, maktabdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar ham berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.