Mustaqillik yillarida erishilgan iqtisodiy yutuqlar
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zining iqtisodiy salohiyati jihatidan jahon hamjamiyatining bir bo‘lagi sifatida, ya’ni jahon iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan davlat sifatida munosib o‘ringa ega bo‘ldi. Zero, bugungi kunda O‘zbekiston dunyo iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan salohiyatga ega davlat hisoblanadi.
O‘tgan 31 yil davomida O‘zbekiston barcha sohalarda sezilarli yutuqlarga erishdi. Mutlaqo yangi va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ob’ektlari deyarli noldan yaratilib, iqtisodiy o‘sish va aholining real daromadlari oshishi ta’minlandi.
Ayniqsa, oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, katta yutuqlarga erishildi.
Xususan, pul-kredit (monetar) siyosati sohasida 2017 yildan boshlab milliy valyuta kursini iqtisodiyotda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifga asosan belgilash mexanizmi joriy qilindi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan chet el valyutalarining sotilishi, sotib olinishi va tasarruf qilinishi borasidagi avval mavjud bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi uchun qator qulayliklar yaratildi.
Shuningdek, aholi uchun ham qulayliklar yaratish maqsadida barcha turdagi pensiyalar va olis tumanlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy to‘lovlar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd pul shaklida amalga oshirilishi joriy etildi.
2018 yilda aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatish, jumladan, valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklarida naqd shaklda yechib olish mexanizmi joriy etildi.
2019 yilda valyutani tartibga solish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.
2020 yildan boshlab Markaziy bank pul-kredit siyosatini inflyatsion targetlash rejimida amalga oshirishni boshladi va bugungi kunda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati mexanizmlarini mazkur rejim standartlariga muvofiqlashtirish ishlarini izchil davom ettirib kelmoqda. Natijada 2020 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 2019 yildagi 15,2 foizga nisbatan sekinlashib, 11,1 foizni tashkil etdi.
2021 yil davomida inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini qisqartirish maqsadida «nisbatan qat’iy» pul-kredit sharoitlari saqlab qolindi, yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya darajasi 10,0 foizni tashkil etdi.
Byudjet-soliq (fiskal) siyosati sohasida 2018 yildan boshlab amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy maqsadlari mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Soliq sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida respublikada soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Mazkur yildan O‘zbekistonda ilk bor «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashri chop etildi, shuningdek, byudjet jarayonining barcha bosqichlarini veb-saytlarda chop etib borish yo‘lga qo‘yildi.
2019 yildan e’tiboran mamlakatda soliqqa oid tub islohotlar amalga oshirildi, jumladan, jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasi 22,5 foizdan 12 foizga tushirildi, sug‘urta badali va davlat jamg‘armalariga maqsadli ajratmalar bekor qilindi. QQS stavkasining 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilishi aylanma mablag‘larning korxonalardan chetlanishini kamaytirdi va oxirgi iste’molchiga egri soliq bosimini kamaytirdi.
Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish strategiyasi qabul qilinib, unda soliq siyosatini takomillashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, servisga yo‘naltirilgan soliq xizmatini rivojlantirish, soliq xavflarini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimini yaratish, davlat soliq organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaxshilash kabi asosiy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Ta’kidlash jozki, 2019 yilda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish tizimi takomillashtirildi, xususan, unga asosan Oliy Majlisning byudjet jarayonidagi roli oshirildi, mahalliy hokimiyat vakillik organlari vakolatlari kengaytirildi, parlament ajratmalari tizimi joriy etildi va o‘rta muddatli rejalashtirishga o‘tishni hisobga olgan holda Moliya vazirligi funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi.
2020 yilda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi, bu borada Prezident farmoni va Hukumat qarori qabul qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, Soliq kodeksi yangi tahrirda qabul qilinib, amaldagi soliq qonunchiligi soddalashtirildi, ko‘plab o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, kodeksdan muayyan to‘lovlar va yig‘imlar chiqarib tashlandi va ular alohida qonunlarga o‘tkazildi (davlat boji, bonuslar, yig‘imlar), ayrim soliqlarning (ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq) nomi va tuzilmasi o‘zgartirildi, ayrim soliq to‘lovchilar (qishloq xo‘jaligi korxonalari, oilaviy korxonalar) uchun soliq imtiyozlari bekor qilindi.
O‘z navbatida, 2021 yilda O‘zbekistonda davlat xaridlarini takomillashtirish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu borada Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Unga asosan, davlat xaridlariga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalarni maqsadli ishlatish, korrupsiyaga qarshi kurashishda aniq va samarali natijalarga erishish, jumladan, davlat xaridlariga oid axborotning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, davlat xaridlarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, insofli raqobat va qarorlar qabul qilish chog‘ida xolisona mezonlardan foydalanilishini ta’minlash masalalari aniq belgilab qo‘yildi.
Fuqarolarni byudjet jarayoniga yanada ko‘proq jalb qilish maqsadida 2021 yildan boshlab har bir hududda bittadan tuman yoki shaharda tegishli tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi.
Mazkur sohada erishilgan yutuqlar xalqaro reyting va indekslarda ham o‘z aksini topganligini ko‘rish mumkin. Xususan, «Economic Freedom» – Iqtisodiy erkinlik reytingidagi «Tax Burden – Soliq yuki» indikatori bo‘yicha 2017 yildagi 90,7 ballik ko‘rsatkichdan 92,4 ballik ko‘rsatkichga, «Douing Business» – Biznes yuritish reytingidagi «Soliq to‘lovi» indikatori bo‘yicha 2016 yildagi 52,9 ballik ko‘rsatkichdan 77,9 ballik ko‘rsatkichga erishildi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti (Ombudsman) ta’sis etildi, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish bekor qilindi. Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo qo‘llash taqiqlandi.
Shu bilan birga, 2017 yilda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer ajratish tartibi takomillashtirildi. Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibotlari qayta ko‘rib chiqilib, ular soni, ro‘yxatdan o‘tish uchun ketadigan vaqt qisqartirildi.
2018 yilda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish choralari ko‘rildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 2019 yilda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ayrim tartiblar soddalashtirildi:
– ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hisobini yuritish;
– ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha bitim va ko‘chmas mulkka egalik huquqini olish bilan bog‘liq bo‘lgan guvohnomalarni notarial tasdiqlash;
– ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr yig‘ma jildi va kadastr hujjatlarini tayyorlash kabi tartiblar soddalashtirildi.
Shu bilan birgalikda, ayrim tartiblar bekor qilindi, xususan:
– davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab qilish;
– ishlarining boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etish orqali ularni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish va boshqalar.
Shuningdek, 2019 yilda Prezident qaroriga muvofiq, «davlat xizmatlarining sirli mijozi» institutini joriy etish belgilandi. Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid yana bir qaror qabul qilinib, unga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
2020 yilda Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solish soddalashtirildi. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 68 ta etib belgilandi. O‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilindi.
Shu bilan birga, Prezidentning litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga oid farmoniga muvofiq, inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlarini qisqartirish va tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish, tadbirkorlik sub’ektlaridan ortiqcha hujjat talab qilmaslik va ularning vaqt hamda mablag‘lari sarflanishini kamaytirish uchun jami 111 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 37 ta ruxsatnomalarni bekor qilish va tartibga solishning muqobil shakllariga o‘tkazish belgilandi.
Ma’muriy va tartibga solish yukini keskin kamaytirish va asossiz to‘siqlarni olib tashlash maqsadida eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 498 ta hujjat o‘z kuchini yo‘qotdi hamda 121 ta ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2021 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Prezidentning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlarga oid qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘ vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirilishi, shuningdek, aholining kredit olish uchun arizalari yagona elektron platforma orqali qabul qilinishi belgilandi.
Umuman olganda, oxirgi besh yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojining o‘sish sur’atlari kuzatildi. Xususan, 2016 yilda ro‘yxatdan o‘tgan kichik korxonalar soni 278 mingta bo‘lsa, 2021 yilda 503 mingtani tashkil etdi. Shuningdek, 2016 yilda yangi tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 28 mingtani, 2021 yilda esa 95 mingtani tashkil etdi. O‘tgan besh yil davomida tadbirkorlar soni deyarli uch barobarga ko‘payib, hozirda 1,5 million kishiga yetdi va bu sohadagi korxonalarda 5 millionga yaqin kishi mehnat qilmoqda.
Qulay investitsion muhit yaratish va investitsiyalarni faol jalb qilish sohasida 2017 yildan boshlab hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, davlat byudjeti ijrosi, pul muomalasi va oltin-valyuta zaxiralari holati to‘g‘risidagi barcha statistik va tahliliy ma’lumotlarni doimiy ravishda ochiq-oshkora chop etib borish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, 2018 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya choraklik statistikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasi standartlariga muvofiq ravishda har chorakda joylashtirib borilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasining asosiy statistik ma’lumotlar platformasi – «Xalqaro moliyaviy statistika» tizimida O‘zbekiston Respublikasining sahifasi ochildi.
2020 yilda O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) – Ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ball yig‘ib, jahon bo‘yicha 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta o‘sish kuzatilgan mamlakat bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha biryo‘la 125 pozitsiyaga yuqorilagan.
2021 yilda davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi tayyorlanib, Moliya vazirligining rasmiy veb-sahifasida e’lon qilindi. Shuningdek, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari fondi (IFRS)rasmiy saytida O‘zbekistonning profili yangilandi.
Mazkur ishlar natijasi halqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlarning O‘zbekistonga nisbatan bo‘lgan munosabatining o‘zgarishiga va ular tomonidan mamlakatda olib borilayotgan islohotlar yuksak darajada e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonda 2017–2018 yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, 2017 yilning oktyabrida Yevropa investitsiya banki (YeIB) bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Vashingtonda O‘zbekistonda YeIB faoliyati uchun huquqiy asosni belgilovchi, jumladan, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 2020 yilda ushbu tashkilot O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million yevro ajratdi. Undan tashqari, Bankning O‘zbekistondagi loyihalar portfelini 500 million yevroga yetkazish to‘g‘risida kelishuvga ham erishildi.
O‘zbekistondagi yangi demokratik islohotlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)ning mamlakatda o‘z faoliyatini qayta tiklashiga, Toshkentda o‘zining yangi ofisini ochishiga va 2018 yilning sentyabr oyida YeTTB Direktorlar kengashi tomonidan mamlakat bo‘yicha yangi strategiyaning qabul qilinishiga turtki bo‘ldi.
2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro suveren reytingni olish va mamlakatning investitsiya jozibadorligini oshirish maqsadida Standard and Poor’s, Moody’s Fitch, JR Morgan and Chase kabi xalqaro moliya institutlari va reyting agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi.
2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining ilk xalqaro yevro obligatsiyalari London birjasida joylashtirildi va bu bilan respublikaning xalqaro moliyaviy bozorga kirib kelishi ta’minlandi. London shahrida nufuzli «Global Capital» nashriyoti tomonidan o‘tkazilgan «Bond Awards 2019» taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mintaqasining xalqaro obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha eng yaxshi emitentlari qatoridan joy oldi.
2020 yilning 19 noyabr kuni Moliya vazirligi tomonidan suveren xalqaro obligatsiyalar ilk bor milliy valyuta – o‘zbek so‘mida 2 trillion so‘m miqdorida London qimmatbaho qog‘ozlari bozorida (London Stock Exchange)muvaffaqiyatli joylashtirildi. «JP Morgan Development Finance Institution» («JP Morgan DFI») tuzilmasi 2020 yilning 19 noyabrida chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi ilk xalqaro obligatsiyalari tranzaksiyasiga «taraqqiyot moliyasi» maqomini («Development Finance Qualification») berdi va tranzaksiyaning taraqqiyotga bo‘lgan ta’sirini «yuqori darajada» baholadi.
Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar, xususan, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga «ochilishi», xalqaro hamkorlikning kuchaytirilishi hamda uzoqni ko‘zlab olib borilgan islohotlar xalqaro hamjamiyatning mamlakatimizga nisbatan munosabati o‘zgarishi va ishonchining ortishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston birinchi marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari bo‘yicha me’yoriy cheklovlar indeksiga kiritildi va xorijiy investitsiyalar uchun iqtisodiyotning ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egalladi.
2018 yilda Investitsiya siyosati tubdan takomillashtirildi. Xususan, tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan zararning o‘rni sud qarori asosida to‘la hajmda qoplanishi, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy nizolar iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi.
2019 yilda Prezident qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirish, xorijiy investorlarni mamlakat imkoniyatlari va salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash bo‘yicha mas’ul vazirlik va tashkilotlar, hudud rahbarlari, hokimliklar oldida qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
2019 yilda bojxona organlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda to‘liq nazoratdan tanlama nazoratga o‘tdi. Bojxona nazorati protseduralarining asosiy qismi avtomatlashtirilib, jarayonlarda inson omili aralashuviga chek qo‘yildi.
Natijada import qilingan tovarlarning qariyb 68 foizi, eksport qilingan mahsulotlarning 98 foizi bojxona rasmiylashtiruvisiz amalga oshirildi. Bojxona tekshiruvlari soni 1,7 baravar kamaydi, bojxona huquqbuzarliklarini aniqlash samaradorligi 4 baravarga oshdi, qo‘shimcha hisoblangan bojxona summasi 45,3 milliard so‘mni tashkil etdi.
Jahon savdo tashkiloti bilan muloqotlarni faollashtirish bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan "Yo‘l xarita"si Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan tasdiqlandi. O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish jarayonida bugungi kunga qadar Tashkilot kotibiyatiga iqtisodiyotimizning turli jabhalarini, jumladan, tashqi savdo rejimi bo‘yicha memorandum, tovarlar va xizmatlar bozoriga kirishni qamrab oluvchi jami 19 ta hujjat yuborildi.
2021 yilda Yevropa Ittifoqining «GSP+» tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qo‘llash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. 2021 yilning 10 aprelida O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining (YeI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus imtiyozlar tizimi («GSP+») kuchga kirdi. «GSP+» tizimi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida savdo hajmini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni taklif etadi. Jumladan, 6200 turdagi mahsulot, xususan, mato, kiyim-kechak, plastmassa, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, sopol mahsulotlari va boshqa eksport qilinadigan mahsulot turlarini yetkazib berishda o‘zbek eksportchilari uchun bojlar bekor qilindi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekistonda boshlangan yangi bosqichdagi tub islohotlar bugungi kunga kelib o‘z samarasini bermoqda. Bu yuqorida ayrim sohalardagi islohotlar va ularning natijalari misolida sharhlab o‘tildi. Mazkur yutuqlar jamiyatda amalga oshirilayotgan strategiyaning pirovard muvaffaqiyati va uning to‘liq amalga oshirilishi istiqbolda mamlakatning iqtisodiy barqaror o‘sishiga bo‘lgan ishonchni shakllantirmoqda.
Furqat YUNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA