Mustaqillik yillarida ekologik siyosat
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan kengaytirilgan tadbir o‘tkazildi.
Unda so‘nggi yillarda yurtimizda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, bugungi davr talabidan kelib chiqib, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi tubdan takomillashtirildi. Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha minglab gektar maydonlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va yashil hududlar maydonini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, tadbirda ekologik qonunchilikni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlarga ham urg‘u qaratildi. Qayd etildiki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bebaho tabiiy boyliklarni hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik ekspertiza, chiqindilarni boshqarish, atmosfera havosini muhofaza qilish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda biologik xilma-xillikni saqlashga qaratilgan qator qonunlar takomillashtirildi.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va xalqaro ekologik majburiyatlarni samarali amalga oshirish maqsadida Qonunchilik palatasida Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Tadbirda “Mening bog‘im” tashabbusi mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash va fuqarolarning ekologik islohotlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan muhim jamoatchilik loyihalaridan biri ekanligi alohida qayd etildi.
Umuman, mustaqillik yillarida ekologik sohada erishilgan yutuqlar mamlakat taraqqiyotining muhim natijalaridan biri sifatida e’tirof etildi. Ekologik siyosatni amalga oshirishda parlamentning o‘rnini yanada mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA