Mustaqil hayot ostonosidagi yoshlar taqdiriga mas’uliyatli bo‘laylik
Hademay maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq jaranglaydi. Mustaqil hayot boshlovchilari safi yana kengayadi.
Ularning qay biri oliy o‘quv yurtlari, qay birlari o‘rta maxsus ta’limida o‘quv jarayonlarini davom ettirsa va yana bir qismi kasbiy mehnat faoliyatini boshlaydi.
Ming afsuski, yana bir qismi na unisi va na bunisini etagini ushlay olmay arosatda qolib ketadi.
Bularning salmog‘i ham jamiyatimiz uchun yetarlicha tashvish keltiradi. Eng og‘riqli nuqtamiz ham shu yerda.
Shu qatlam yoshlarni yo‘lga solish va ularni "Yoshlar daftari"ga tushib qolmaslik choralarini ko‘rish bugun o‘ta zarur. Ularni qanday bo‘lmasin band qilish, kunlarini kelajagi uchun foydali soha va kasbga yo‘naltirish bugunning eng dolzarb masalasi.
Ular bilan suhbatlashish, hayot ko‘rgazma emasligi uni qo‘lga olish, ishga solish, foydalanish kerakligini uqtiraverish kerak.
Ko‘p narsa odamning o‘ziga ham bog‘liq. Qiyinchilikdan qo‘rqmay, kattalar ularga dalda berib, «Ha, barakalla» deb tursalar ular ham dadillashib bir ishni etagini ushlaydilar.
Aksincha, bu ishni nima qilasan boshlab, desalar ular ham o‘ziga ishonchni yo‘qotib yo‘llarini topolmay qoladilar.
Shunday pissimistik xarakterdagi odamlar ham bor.
Dadil yerni ham kreditni ham olib o‘z ishini boshlayverishga yoshlarni ilhomlantirish kerak. Eng katta loyihalar tavakkal bilan boshlangan. Yoshlar ba’zan o‘ziga yuksak baho berib hamma narsa yengil hal bo‘ladi deb o‘ylaydilar.
Dunyo yoshlarni o‘zining qanchalar hurmat qilishing bilan hisoblashmaydi. Ular o‘zlarini hurmat qilishingdan avval biron ishni qoyillatib qo‘yishini dunyo kutadi.
Hurmatga loyiq bo‘lish uchun yaxshi o‘qib yoki ishlab band bo‘lish bilan isbotlanadi. Bekorchi yoshlarni hech kim hurmat ham qilmaydi. Aslida kambag‘alchilik nochorlikning ildizlaridan biri bekorchilik. Shuni anglata olishimiz kerak yoshlarga.
Keling masalani ochiq ko‘z bilan tahlil qilaylik. Ilgari yoshlar bekor qolsalar kunini o‘tkaza olmay bekorchilikdan zerikib ketar edi. Hamma o‘zini band qilib olar edi. Hozir televizor va ijtimoiy tarmoq va uyda yetarli sharoit va ro‘zg‘or bor. Shunday bo‘lgach, hayotga intilish va mas’uliyat yo‘q. Vertual olam bilan band bo‘lib o‘zlariga ham, kattalarga ham muammolar tug‘dirmoqdalar. Bunga o‘rganib qolib ular zerikishmayapti. Keyingi paytda o‘qituvchining qattiqqo‘ligidan shikoyat qiluvchilar ko‘payib ketdi. Mana shu zaylda tarbiyalangan bola kelgusida talabchan rahbarning qo‘lida qanday ishlashi mumkin?
Hamma joyda ish talab qilinadi. Talabchan ustozlar yoshlarning kelajagiga poydevor qo‘yadi. Shuning uchun ota-onalar o‘quv dargohlarida yoki kasb o‘rgatilayotganida talabchan ustozlarining haqqoniy dakkilarini to‘g‘ri qabul qilsalar, kelgusida pushaymon bo‘lmaydilar.
Biz yoshlarga sharoit yaratish bilan bir qatorda, talabchan ham bo‘lishimiz, ularga bo‘sh kelishimiz kerak emas.
Vaqtlarini qattiq taqsimlab ustozlari bilan uzviy aloqada bo‘lishimiz kerak.
Axir, ota-bobolarimizning «Eti sizga, suyagi bizga» degan naqli bejiz aytilmagan.
Nazarimda biz yoshlar masalasida so‘nggi yillarda arqonni uzun qo‘yvorib o‘z holiga tashlab qo‘ydik.
Mana shuning uchun muammo ortidan muammo tug‘ilmoqda.
Bilimsiz va kasbsiz bola maktabdan so‘ng o‘zi xohlaganicha yashayman deb qoqilib qolmoqda.
Yoshlarning maktab va oliy o‘quv davrida ota- onalari tomonidan hamma narsa muhayyo qilib berilmoqda va buni ba’zi yoshlar har doim shunday bo‘ladi deb o‘ylab, pirovardida boqimanda bo‘lib qolmoqda. Aslida hayot muttasil kurashdan iboratligini kech anglamoqdalar.
Ba’zilarini orzularida tez boyish, besabrlik, xomhayollik bilan chet ellarda qora ishlarga mubtalo bo‘lmoqdalar. Aslida yaxshi kasb yoki bilim bilan chet elga borsalar juda yaxshi, ammo na til va na bir kasbsiz, shirin g‘o‘r hayollar bilan musofirchilik qilib yurgan yoshlar ozmunchami?
Shuning uchun yoshlikdan bilim va ko‘nikmani chuqur o‘zlashtirish kerak. Yaxshi kishining tuz va nasibasi o‘z yurtida bo‘lishini ham ularning quloqlariga quyishimiz lozim.
Ko‘pincha yoshlar quyi ishlarni o‘ziga munosib deb bilmaydi. Mensishmaydi, moashi kam deb bahona qiladilar.
Axir, narvon zinapoyalardan iborat. Kim mehnatga nisbatan kibrli bo‘lmasa ishni quyidan boshlaydi. Biz kattalar musulmonchilik asta ekanligini, har birimiz o‘zimizning misolimizda ishni quyidan boshlab shu martabaga erishganimizni yoshlarimizga va farzandlarimizga aytib turishimiz darkor.
To‘g‘risini tan olaylik, hali ishda pishmagan bolani tuzukroq ishga joylashtirib qo‘ygimiz keladi. Dunyodagi mashhur kishilarning hayot yo‘li haqida o‘qib bering farzandingizga.
Ularning hammasi yoshlikda ishni noldan boshlagan katta moliyaviy qiyinchiliklardan so‘ng dunyoni eng badavlatlariga aylangan, katta zafarlar quchgan.
To‘g‘ri, yoshlar ham biror bir xato qilishi mumkin, shunda aybni boshqalardan qidirib ketishadi. Foydasi yo‘q, ayb o‘zimizda.
Aybdorni topishdan foyda yo‘q, bilaks xatolarni vaqtida tuzatib olish kerak. Hozir axborot davri, nimaiki bilim yoki ko‘nikmani vaqtida ololmagan yoshlar uni kompyuterdan olishi mumkin.
To‘g‘ri xulosa qilishni o‘zi foyda. Farzand tug‘ilishi bu Yaratgandan katta in’om va o‘z navbatida katta mas’uliyat hamdir. Biz zurriyotimizga chiroyli ism qo‘ymoqdamiz, uni boqmoqdamiz, maktabga bermoqdamiz. Maktabni a’lochilar ham, past o‘zlashtiruvchilar ham bitiradi.
Yomon o‘qiydiganlar to‘g‘ri javobni topgunlariga qadar qulay imkoniyat yaratilib beriladi. Ammo katta hayotda to‘g‘ri yo‘lni topish uchun kam imkoniyat beriladi.
Farzandlarimiz muvaffaqiyatga erishishi uchun avval uning haqini to‘lash kerak bo‘ladi. Bu esa vaqt va mashaqqat demak. Ayni shu vaqtni boy bermaslik va mashaqqat yukini tortishimiz, biz ota-onalar iroda, mas’uliyat hissini o‘zimizda to‘play olishimiz kerak. Agar har bir bitiruvchi yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib katta hayot yo‘lini izga solib yuborilsa yoshlar orasidagi jinoyatchilik ham keskin kamayadi deb o‘ylayman.
Karimov Baxtiyor,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi