Yoshlar ovoziga quloq tutilmoqda
Videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosi amalda
Mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yangi bosqichga olib chiqish, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyun kuni o‘tkazilgan Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani takomillashtirish, yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish, ularning taklif va tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Ana shu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda, ularning fikr-mulohazalari va tashabbuslariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyoti avvalo yosh avlodning bilim va iste’dodi, ijodiy tafakkuri hamda ezgu intilishlari bilan chambarchas bog‘liq.

Shu munosabat bilan Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sardor Shukurullayev ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Mazkur muloqot madaniyat sohasida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlarning orzu-intilishlari, taklif va tashabbuslarini o‘rganishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda jami 50 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi. Uchrashuv davomida san’at ta’limi sifatini oshirish, ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dodlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sohadagi muammolari va takliflarini o‘rganish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Ayniqsa, yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarning har biri diqqat bilan tinglanib, ularning amaliy ahamiyati atroflicha tahlil qilindi. Muammoli masalalarni hal etish yuzasidan mutasaddi rahbarlar tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri