Musobaqalar boshlandi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida yoshlar o‘rtasidagi “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining joriy yilgi mavsumiga start berildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Dadaboyev, Milliy Olimpiya qo‘mitasining Namangan viloyatidagi ijrochi direktori A’zamjon Ahmadaliyev, shuningdek, murabbiylar, sportchilar va keng jamoatchilik vakillari hozir bo‘ldi.

Ushbu ommaviy musobaqalar yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, kelgusida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladigan chempionlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
O‘tgan 2025-yilda “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” 15-17 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida 10 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan bo‘lsa, 2026-yilgi musobaqalar 13-14 yoshli sportchilar, badiiy gimnastika bo‘yicha esa, 11-12 yoshli qizlar o‘rtasida tashkil etiladi. Bellashuvlar 21 ta Olimpiya sport turi bo‘yicha 205 ta dastur asosida, uch bosqichda, ya’ni, “tuman va shahar hokimi olimpiadasi”, “Hokim olimpiadasi” va “Prezident olimpiadasi” shaklida uyushtiriladi.

Yangi mavsumning o‘ziga xos jihati shundaki, avvalgi yillarga nisbatan voleybol, gandbol, badminton, qilichbozlik, tennis, sohil voleyboli, suzish, velosport (shosse), chim ustida xokkey va velotrek kabi qator yangi sport turlari dasturga kiritildi. Bu esa yoshlar orasida sport turlarini ommalashtirish va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Musobaqalarning dastlabki bosqichi – tuman va shahar hokimi olimpiadasi mart-aprel oylarida, ikkinchi bosqich – hududiy viloyat bosqichi sifatida may-iyun oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, To‘raqo‘rg‘on sport maktabida tashkil etilgan “tuman hokimi olimpiadasi”da ishtirokchi o‘g‘il-qizlar basketbol, gandbol, yunon-rum kurashi, erkin kurash, badiiy gimnastika, taekvondo, boks, dzyudo kabi sportning 13 ta turida o‘z mahoratlarini sinamoqda.
Aprel oyining birinchi o‘n kunligi yakuniga qadar davom etadigan bahslarda yuqori natijani ko‘rsatgan sportchilar keyingi bosqichga yo‘llanma oladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.