Murojaatlar ijobiy yechim topmoqda
Qishloq joylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun maishiy gaz ballonlari hayotiy zaruratga aylangan. Shu bois, gaz ta’minoti tizimida aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularga tezkor yechim topish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro viloyati Jondor tumanining Ibn Sino mahallasida yashovchi fuqaro Dilmurod Norov ham ana shunday ehtiyoj bilan tuman gaz ta’minoti bo‘limiga murojaat qildi. U maishiy gaz balloni olish istagini bildirib, rasmiy ariza topshirdi. Murojaat mas’ullar tomonidan qisqa muddatda o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari murojaatni joyiga chiqqan holda o‘rganib, fuqaroga barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha atroflicha tushuntirish berdi. Hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilgach, Dilmurod Norovga maishiy gaz balloni yetkazib berildi. Endilikda u har 30–35 kunda suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda.

– Maishiy gaz balloniga ehtiyojimiz bor edi. Tuman gaz ta’minoti bo‘limiga murojaat qildim. Xodimlar bir hafta ichida kelib, holatni o‘rgandi. Gaz ballon olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirishdi. Barcha jarayonlar onlayn amalga oshirildi. Tezkorlik bilan masala hal etilganidan mamnunman. Endi gaz ballon ham yetkazib berildi, to‘lovlar ham onlayn tarzda amalga oshiriladi. Eng muhimi, uyimizda osh-ovqat o‘z vaqtida tayyor bo‘ladi, – deydi Dilmurod Norov.

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati rahbari Mahigul Abdullayevaning ma’lum qilishicha, joriy yilning birinchi choragi davomida filialga jami 1428 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 326 tasi yozma, 474 tasi og‘zaki, 296 tasi ishonch telefoni orqali va 332 tasi virtual qabulxona vositasida yo‘llangan. Ushbu murojaatlarning 1214 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 120 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berilgan, 94 tasi esa ayni paytda o‘rganish jarayonida.
Jondor tumanidagi ushbu misol gaz ta’minoti tizimida olib borilayotgan islohotlar, jumladan raqamlashtirish va ochiq muloqot mexanizmlari o‘z samarasini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri