Murojaatlar – e’tibor markazida
“Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak, degan shior barcha darajadagi rahbarlar faoliyatida bosh qoida bo‘lishi shart”. Davlat rahbarining ushbu tamoyili fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatning 16 ta tuman va shaharlarida sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid muammolari o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi.

Sayyor qabullar davomida jami 402 ta murojaat qabul qilindi. Shundan 94 tasi joyida ijobiy hal etildi, 139 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. 135 ta masala qo‘shimcha vaqt talab etgani bois mas’ullarga yo‘naltirilib, ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, 34 ta murojaat tegishliligiga ko‘ra hamkor tashkilotlarga yuborildi.

Sayyor qabullar davomida fuqarolarning aniq muammolarini hal etishga qaratilgan amaliy ishlar ham olib borildi. Jumladan, Nishon tumani Navro‘z mahallasida yashovchi, ko‘zi bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Mukarram Rahmonova o‘g‘lini davolash uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qildi. Mazkur murojaat ijobiy ko‘rib chiqilib, tegishli ko‘mak ko‘rsatilishi ta’minlandi.


Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday sayyor qabullar aholi muammolarini joyida o‘rganish, ularga tezkor va samarali yechim topishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa ijtimoiy himoya tizimida inson manfaatlari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri