Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qanday loyihalar amalga oshirildi?
Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish: amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilayotgan natijalar haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lumot berdi:
– 2025-yil davomida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi hamda xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan NNTlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 3.4 milliard so‘mlik grantlar ajratildi.
Grantlar bo‘yicha 45 loyiha amalga oshirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshdi. Shundan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda va Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida 853 million so‘mlik grant mablag‘lari ajratildi.
Jamoat fondi tomonidan esa 14 hudud bo‘yicha 2 milliard 168 million so‘mlik hamda Jamoat fondining hududiy bo‘linmalari tomonidan 8 hududda 390 million so‘mlik grant tanlovlari, 2 milliard 558 million so‘mlik ijtimoiy buyurtma e’lon qilindi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Sirdaryo viloyatlarida NNTlarga eng ko‘p mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Qashqadaryo, Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
Grant loyihalari aholi o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning xabardorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligini mustahkamlash, multimedia mahsulotlarini yaratish, ta’lim muassasalari, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish kabi jarayonlarni qamrab olgan.
Mazkur loyihalar orqali jamoatchilik nazorati mexanizmlari amaliyotga joriy etilmoqda. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun platformalar, ijtimoiy so‘rovlar, targ‘ibot tadbirlari, o‘quv qo‘llanmalar, yangi tashabbus va vositalar yuzasidan takliflar shakllantirilmoqda.
Masalan, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati Qorako‘l tumani bo‘limi tomonidan 100 dan ortiq jamiyat a’zosi oflayn, 1000 dan ortiq jamiyat a’zosi onlayn tarzda huquqiy savodxonligini oshirdi. 20 dan ortiq korrupsiyaga oid normativ-huquqiy hujjat ko‘zi ojiz odamlarning maxsus ehtiyojlari bo‘yicha o‘rganilib, Respublika ko‘zi ojizlar jamiyatining 15 mingga yaqin a’zolariga audiokitob ko‘rinishda yozilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatildi. 100 nusxa to‘plam Brayl alifbosida chop etildi va Qorako‘l tumani va Buxoro viloyati ko‘zi ojizlar jamiyatlariga taqdim etildi.
Shuni alohida qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarining bajarilishini monitoring qilish jarayoniga nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb qilish hamda ular tomonidan muqobil baholash mexanizmlarini joriy etish amaliyoti ilk bor yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur yo‘nalishda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan Konvensiya qoidalarining ijrosini mustaqil monitoring qilish va baholash ishlari faol olib borilmoqda va bir qator NNTlar o‘z tashabbusiga ko‘ra Konvensiyaning alohida moddalari bo‘yicha tahliliy monitoringlarni amalga oshirdi.
Tayyorlangan tahliliy materiallarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda mavjud tizim samaradorligi ob’ektiv baholandi. Shuningdek, sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki to‘g‘risida ma’lumot” tayyorlanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etildi.
Mazkur tahliliy materiallar O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzasining “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki”ga bag‘ishlangan qismini shakllantirishda muhim manba sifatida foydalanildi.
N.Abduraimova,
O‘zA