Murojaatlar bilan ishlash yangi bosqichda
Jamiyatda davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda murojaatlar bilan ishlash tizimi muhim ahamiyatga ega. Chunki har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi, muammosi va adolatga bo‘lgan ishonchi mujassam. Shu bois murojaatlarni o‘z vaqtida, xolisona va sifatli ko‘rib chiqish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi.
Qashqadaryo viloyat sudida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir davlat organlarida, xususan, sud tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholandi.

Barcha sud raislari va murojaatlar bilan ishlashga mas’ul xodimlar ishtirok etgan seminarda Prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, murojaatlar bilan ishlash sifati davlat organlari faoliyatining muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi. Shu sababli murojaatlarni o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqish, har bir murojaat ortidagi muammoni chuqur tahlil qilish, takroriy murojaatlarning oldini olish hamda fuqarolar bilan samarali va ochiq muloqotni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim.

Seminarda 2026-yil birinchi choragi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali Qashqadaryo viloyat sudiga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilindi. Jumladan, fuqarolik ishlari ko‘rilishiga doir 522 ta, jinoyat ishlariga oid 331 ta va iqtisodiy ishlar bilan bog‘liq 40 ta murojaatning sabablari atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlari ishtirokida amaliy muhokamalar o‘tkazilib, murojaatlarni ko‘rib chiqish amaliyotida uchrayotgan muammolar, samarali ish usullari va zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat sudida o‘tkazilgan mazkur seminar murojaatlar bilan ishlashda mas’uliyatni yanada oshirish, ko‘tarilgan muammolarni hal etish, inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondashish hamda ijro intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri