Taxtako‘pirda “Yoshlar markazi” binosi foydalanishga topshirildi
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Taxtako‘pir tumani markazida zamonaviy ko‘rinishdagi yoshlar markazi binosi qurib, foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov, tuman hokimi J.Adilov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i P.Maxsetbayev va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Shu kuni sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlar tomonidan bildirilgan muammolarni hal qilishmoqda. Hokimlar yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganib, ishga kirishi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga ko‘maklashib, startapchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishmoqda.

Umumiy 5 milliard 321 million so‘m mablag‘ asosida qurilgan binoda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun “Book kafe”, “Zakovat” klubi, shaxmat-shashka, chet tillari va matematika fanlarini o‘qitish markazlari tashkil etilib, barcha qulay sharoitlar yaratilgan.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.