Mundialning "D" guruhidan joy olgan terma jamoalari turnir davomida qanday liboslardan foydalanishini ma'lum qildi
"D" guruhidan joy olgan AQSh, Paragvay, Avstraliya va Turkiya terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini taqdim etdi.
Joriy yilning iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirning "D" guruhidan joy olgan AQSh, Paragvay, Avstraliya va Turkiya terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini taqdim etdi.
Jahon chempionatining mezbonlaridan biri hisoblangan AQSh terma jamoasi ushbu turnirda Nike tomonidan ishlab chiqilgan liboslardan foydalanadi. Amerikaliklarning uy libosining asosiy dizayni qizil va oq rangli to‘lqinsimon chiziqlardan iborat. Bu chiziqlar davlat bayrog‘idagi ranglarda ilhomlangan xolda yaratilgan. Formaning yeng va yoqasining chetlari to‘q ko‘k rang bilan ajratilgan. Kiyimning yon tomonidan esa ingichka ko‘k chiziqlar o‘tgan.

AQShliklarning ikkinchi libosi qoraga yaqin bo‘lgan to‘q ko‘k rangda ishlangan. Formaning ustida yirik-yirik yulduz shaklidagi naqshlar joylashgan. Bu yulduzlar AQSh bayrog‘iga ishora qiladi, lekin dizayn juda nozik va yashirin uslubda berilgani sababli minimalistik uslubda ko‘rinadi. Libosning ikki yeng tomonidan ingichka qizil qizil o‘tkazilgan.

Guruhning ikkinchi jamoasi Paragvay termasi bu musobaqaga Puma brendi ostidagi liboslarda tashrif buyurdi. Formaning asosiy rangi oq rangda bo‘lib, uning ustida vertikal qizil chiziqlar o‘tgan. Libosning yoqa qismi dumaloq shaklda ishlangan va ko‘k chiziqlari bilan ajratilib qo‘yilgan. Formaning yeng qismidan ham shunaqa rangli chiziqlar o‘tgan.

Paragvayliklarning safar libosi noodatiy tarzda ishlanganligi bilan ajralib turadi. Formaning asosiy rangi to‘q ko‘k va qora ranglar aralashmasidan iborat. Libosning ustki qismiga suyuqlikka o‘xshagan naqsh butun forma bo‘ylab yoyib chiqilgan. Kiyimning yoqa va yeng qismi esa qora rang bilan ajratilgan.

Bu guruhning uchinchi jamoasi Avstraliya termasi ushbu turnir davomida Nike brendidagi liboslardan foydalanadi. "Sokkeruzlar"ning uy libosi sariq rang bo‘lib, bu Avstraliya termasining asosiy ranglaridan biri hisoblanadi. Libosning yoqa qismi V shaklda ishlangan bo‘lib, uning yon qismlari yashil rang bilan ajratib qo‘yilgan. Shuningdek, libosning ikki yon tomoniga yashil rang bilan ishlov berilgan.

Avstraliya terma jamoasining safar libosi juda kreativ va zamonaviy dizayni bilan boshqa liboslardan farq qiladi. Forma gradient uslubida ya’ni yuqori qismi to‘q sariq, pastki qismi esa yashil ranglar kombinatsiyasida ishlangan. Libosning yoqa qismi V shaklida ishlangan bo‘lib, uning yon qismidan to‘q-yashil rang bilan ishlov berilgan.

Guruhning so‘nggi termasi Turkiya jamoasi mundial davomida Nike brendi tomonidan ishlangan formalarda maydonda harakat qiladi. Turklarning uy libosi to‘q qizil rangda bo‘lib, uning o‘rtasidan gorizontal tarzda qizil chiziq o‘tkazilgan. Formaning ustki qismiga marmar uslubidagi naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosing yeng va yoqa qismi qizil rang bilan ajratilgan.

"Hilol yulduzlar"ning safar libosi oq rangda ishlangan. Forma oddiy ko‘rinib qolmasligi uchun uning ko‘krak qismidan gorizontal tarzda qizil chiziq o‘tkazilgan. Shuningdek, libosning yon tomonlariga qizil chiziqlar bilan dizayn qilingan.
