Jahon chempionati tarixi. Urugvay-1930
Jahon chempionati bahslari 1930-yilning 13-30-iyul kunlari oralig‘ida Urugvayda bo‘lib o‘tgan.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Mundial startidan avval uning tarixiga yuzlanamiz.
Jahon chempionati bahslari 1930-yilning 13-30-iyul kunlari oralig‘ida Urugvayda bo‘lib o‘tgan. Ilk mundialda 13ta milliy terma jamoa chempionlik uchun bahslarga kirishgan. Turnirda Yevropa qit’asi sharafini Fransiya, Yugoslaviya, Ruminiya va Belgiya terma jamoalari himoya qilgan. Janubiy Amerikadan esa Argentina, Braziliya, Chili, Paragvay, Peru, Boliviya hamda mezbon Urugvay terma jamoalari ishtirok etgan. Bundan tashqari, AQSh va Meksika ham ushbu mundialda g‘oliblik uchun kurash olib borgan.

Jamoalar 4ta guruhga bo‘lingan holda, bahslarga kirishgan. "A" guruhidan Argentina, Chili, Fransiya va Meksika terma jamoalari joy olgan. Argentina terma jamoasi o‘tkazilgan 3 turdan so‘ng 6 ochko jamg‘argan holda, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. "B" guruhida esa Yugoslaviya, Braziliya va Boliviya jamoalari joylashgan. Yakunda Yevropa qit’asi vakili ushbu to‘rtlikda yetakchilik qilib, yarim finalga yo‘l olgan. "C" guruhida mezbon Urugvay terma jamoasi Ruminiya va Perudan ustun kelib, keyingi bosqichga yo‘l olgan bo‘lsa, so‘nggi guruhda AQSh terma jamoasi Paragvay va Belgiyadan ustun kelgan. Yarim finalda Urugvay Yugaslaviyani, Argentina esa AQShni bir xil 6:1 hisobida mag‘lub o‘tib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Montevideoda bo‘lib o‘tgan finalda mezbonlar qit’adoshlarini 4:2 hisobida mag‘lub etib, jahon chempionatining ilk chempioniga aylangan edi.

Turnirning jami 18ta uchrashuvida umumiy 70 gol urilgan. Argentina terma jamoasi musobaqa davomida eng ko‘p gol urgan jamoaga aylangan (18ta). Belgiya va Boliviya terma jamoalari umuman raqib darvozasini ishg‘ol eta olmagan.