Mukofotlar topshirildi
Navoiy viloyati hokimligida mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning farmonlariga muvofiq o‘zlarining munosib mehnatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlari, orden va medallariga sazovor bo‘lgan bir guruh hamyurtlarimizga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov xalq xo‘jaligining barcha sohalarini rivojlantirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolik jamiyati va huquqiy-demokratik davlat barpo etish, milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Tadbirda davlatimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlardan biri – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Markaziy kon boshqarmasi direktori Otabek Mustakimov. Uning mamlakat sanoati ravnaqi, xususan, konchilik sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
– Kamtarona mehnatim yuqori baholanib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” degan faxriy unvonga sazovor bo‘ldim. Buning uchun, albatta, Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi Otabek Mustakimov. – Bu mukofot ortida nafaqat Markaziy kon boshqarmasi, balki Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ko‘p ming sonli mehnatkashlari, ishchi-xodimlarining zalvorli va zahmatli mehnati yotibdi. Bu e’tirof bizga, shaxsan menga ham kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, belgilangan parametrlarga erishish va yuksak ko‘rsatkichlarni ta’minlashda yangi kuch-quvvat, tashabbuslarga qanot bag‘ishlaydi. Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi yirik korxonalarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Kombinatimizda oxirgi o‘n yilda amalga oshirilgan ishlarni oddiy so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Yangi konlarni o‘zlashtirish, yangi qayta ishlash quvvatlarini qurib, ishga tushirish borasida katta ishlar qilindi. Auminzo-Amantoy koni, Muruntov konining beshinchi navbati, uning birinchi va ikkinchi bosqichlari shular jumlasidandir. Yangi konlarni o‘zlashtirish bu faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas. Bu yangi infratuzilma, yangi ish o‘rinlari, zamonaviy texnologiyalar, malakali kadrlarga bo‘lgan talab va hududlar iqtisodiy salohiyatining yanada yuksalishi demakdir.
Kombinatda 3-gidrometallurgiya zavodining mustaqillikning dastlabki yillarida barpo etilib, ishga tushirilgani, keyinchalik 4-gidrometallurgiya zavodining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, so‘nggi yillarda esa 5-, 6- va 7-gidrometallurgiya zavodlarining ishga tushirilishi ishlab chiqarish salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Bugungi sanoat taraqqiyoti faqat ishlab chiqarish hajmi bilan o‘lchanmaydi. Zamonaviy korxona, avvalo, resurslardan oqilona foydalanishi, mehnat unumdorligini oshirishi, ekologik talablarga amal qilishi, ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishi bilan baholanadi.
Shu ma’noda, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan yirik investitsion va modernizatsiya loyihalari mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”, resurs tejamkor texnologiyalar va ekologik barqaror ishlab chiqarish tamoyillarini keng joriy etish bilan hamohangdir.
Eng muhimi, korxonadagi har bir yangi ishlab chiqarish quvvati ortida inson mehnati va uning salohiyati turibdi. Konchi, muhandis, texnolog, energetik, mexanik, operator va boshqa ko‘plab kasb egalari o‘z mehnati bilan ulkan sanoat majmuasining barqaror ishlashini ta’minlamoqda.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31084]
Tadbirda bir guruh yurtdoshlarimizga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari ham topshirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari