Fuqoralar yig‘inida bayram shukuhi
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz! Istiqlol — taqvimdagi oddiy sana emas. U xalqning asriy orzulari, milliy g‘ururi, erkin va farovon hayot sari tashlagan dadil qadamlarini o‘zida mujassam etgan buyuk qadriyatdir. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi yurtimizning barcha hududlarida katta shodiyona, ezgu niyat va yuksak ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda.
Ayniqsa, bugungi bayramlar nafaqat qo‘shiq va raqslar, balki inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga e’tibor ko‘rsatish, kitob va ma’rifatni keng targ‘ib etish kabi ezgu amallar bilan uyg‘unlashayotgani bilan ahamiyatli. Ana shunday fayzli tadbirlardan biri Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Po‘loti” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tantanali madaniy-ma’rifiy tadbirda mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar, bir so‘z bilan aytganda, turli avlod vakillari bir maqsad — istiqlol ne’matlariga shukrona aytish, Vatanga bo‘lgan mehr va sadoqatni yanada mustahkamlash maqsadi atrofida jam bo‘lishdi.
Bayram tadbirida yangragan har bir qo‘shiq, aytilgan har bir she’r, ijro etilgan har bir raqsda yurtga muhabbat, tinchlikka shukr va ertangi kunga ishonch mujassam edi.

Ayniqsa, mahalla aholisi va bolajonlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Bolalarning beg‘ubor kuy-qo‘shiqlari, rang-barang raqslari va samimiy she’rlari katta-yu kichikka birdek bayram kayfiyatini ulashdi. Zero, bolaning kulgisi bor xonadonda umid bor.
Tadbirning eng ta’sirli jihatlaridan biri uning ijtimoiy ahamiyatga ega ezgu tashabbuslar bilan uyg‘unlashganidir. Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bayram tadbiri ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Jondor tuman hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida 50 nafar ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar farzandlariga yangi o‘quv yili arafasida maktab formalari sovg‘a qilindi.
Bir qarashda bu — oddiygina maktab formasi. Ammo uning zamirida bir bolaning quvonchi, ota-onaning ko‘nglidagi xotirjamlik, “Farzandim boshqalardan kam emas”, degan ishonch bor.

Mahalla kutubxonasi hamda mahalla yoshlari uchun 100 dona badiiy va ma’rifiy kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi.
Fuqarolar yig‘inida bayram munosabati bilan amalga oshirilgan ushbu tashabbuslar nafaqat bugungi kun quvonchi, balki ertangi kunga yo‘naltirilgan ezgu investitsiyadir. Bunday tadbirlarning yana bir muhim jihati — odamlarni birlashtirishi, mahallada mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashidir.

Nuroniylar duosi, onalarning samimiy tabassumi, yoshlarning shijoati va bolalarning quvonchi bir maydonda uyg‘unlashganida mahalla haqiqiy ahil oilaga aylanadi.
Aslida, yurt tinchligi va osoyishtaligi ham ana shunday birdamlikdan boshlanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri