Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi
1-sentabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasiga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi.

Tantanali tadbirlarda mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanni qo‘riqlash kabi sharafli kasbni egallash yo‘lidagi ilk qadamlari bilan qutladi.

Bu yilgi “Vatanga qasamyod” marosimi o‘zgacha ruh va mazmunda o‘tkazildi. Avvalgi marosimlardan farqli ravishda, yangi qabul qilingan barcha kursantlar qasamyod so‘zlarini birgalikda, jo‘r bo‘lib, bir ovozdan baralla aytib, Vataniga, xalqiga va Prezidentiga sadoqat bilan xizmat qilishga ahd etishdi.

Ajdodlarining pok ruhi oldida bosh egib, Vatan bayrog‘ini o‘pgan kursantlar uchun bu lahzalar shunchaki marosim emas, balki avlodlar oldidagi mas’uliyatni qalban his etish, muqaddas qasamyodga sodiq qolish va yurt himoyachisi degan sharafli nomga munosib bo‘lishga berilgan tantanali va’da bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Harbiy tibbiyot institutida ham “Vatanga qasamyod” tantanalari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Institutlarda o‘tkazilgan marosimlarda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan, barchaning o‘qish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA