Muammolar eshitildi, yechimi topildi
Inson manfaati, xalq dardi va hayotiy muammolarga yechim topish O‘zLiDeP faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri.
Partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan 40 dan ortiq murojaat bildirildi. Har bir murojaat atroflicha tinglanib, mas’ullar ishtirokida amaliy yechimlar izlandi.
Quvonarlisi, murojaatlarning bir qismi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish, vaqt va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni talab qiladigan masalalar esa nazoratga olinib, ularning ijrosi yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
Eng muhimi, qabul natijalari raqamlarda emas, insonlar taqdirida o‘z ifodasini topdi. Shu kunning o‘zida 3 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Yana 2 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun subsidiya asosida kredit ajratish masalasi ijobiy hal etildi.
Shuningdek, “Qusxanatao‘” mahallasi aholisi tomonidan ko‘tarilgan elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammo ham ijobiy yechim topdi. Ushbu masalani bartaraf etish ishlari keyingi olti oylik dasturga kiritilib, uning ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabul nafaqat murojaatlarni ko‘rib chiqish, balki ezgulik va mehr-oqibat tadbiriga ham aylandi. Qabul yakunida kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda yoshlarga bayram munosabati bilan sovg‘alar topshirildi.
Xalq bilan muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarga amaliy yechim topish ish samaradorligining eng muhim mezonidir. Partiyaning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi bunday sayyor qabullar yurtdoshlarimiz ishonchini mustahkamlash, ularning hayot sifatini yaxshilash va har bir murojaat ortidagi inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri