“Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
Nukusda “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur olimpiada o‘quvchi-yoshlarni intellektual salohiyatini oshirish, o‘quvchilar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, o‘quvchilarda innovatsion g‘oya, taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish ko‘nikmalarini shakllantirish, maktab o‘quvchilari o‘rtasida moliyaviy huquqbuzarlik hamda yashirin iqtisodiyotga toqatsizlik pozitsiyasini shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma qarori asosida o‘tkazilgan olimpiada yakunida birinchi o‘rinni Nukus shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o‘quvchisi Jahongir Kamalov qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘ringa To‘rtko‘l tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi O‘lmasbek Shokirov, uchinchi o‘ringa Beruniy tumanidagi 58-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Nurbol Sa’dullayev loyiq topildi.
Sovrinli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar joriy yilning may oyida o‘tkaziladigan respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.