Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibi yanada liberallashtiriladi
“Moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ–138-son, 15.04.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabrdan vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorning tanloviga ko‘ra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin.
Vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori topshirilgan kundan boshlab 1 oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi. Qo‘llangan moliyaviy jarima summasi 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Vakolatli organning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi.
Yuqoridagi belgilangan muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan qaytarish muddati buzilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300 dan biriga teng miqdorida foiz to‘lanadi.
Shuningdek, Moliyaviy jarimalarni qo‘llash jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qo‘llangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestri joriy etiladi.
Bunda vakolatli organlarning moliyaviy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ular qabul qilinganidan so‘ng 3 ish kunida majburiy tartibda ushbu elektron reyestrga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, mazkur jarayon to‘liq raqamlashtirilgan hollarda esa bunday qarorlar o‘zaro integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda kiritiladi.
Elektron reyestrga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida moliyaviy jarima undirilmaydi.
Elektron reyestrda tadbirkor tomonidan sodir etilgan qilmishning takroriyligiga oid ma’lumotlar bazasi yuritiladi va xavfni boshqarish tizimi yordamida tahlil qilib boriladi.
2027-yil 1-aprelga qadar soliq to‘lovchi – tadbirkorning shaxsiy kabineti orqali vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari ustidan sudga onlayn shikoyat berish imkoniyati yaratiladi.
Bunda ish yurituvga qabul qilingan shikoyatlar bo‘yicha qarorlarning ijrosini to‘xtatib turish haqida sud tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar avtomatik ravishda xabardor qilinadi.
Sherbek Islomov,
O‘zA