Mobil bank ilovalariga faqat o‘z nomiga olingan raqam bilan kirish tizimi yo‘la qo‘yiladi
Huquqiy munosabat
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
– 22-apreldan O‘zbekistonda Markaziy bankning masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikka qo‘yiladigan minimal talablarni belgilovchi yangi nizomi kuchga kiradi.
Hujjat banklar, to‘lov xizmatlari va to‘lov tizimlari operatorlarining mobil ilovalaridan foydalanishda onlayn firibgarlikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar va talablarni joriy etadi.
Bunda, agar telefon raqami yoki bank kartasi foydalanuvchi bilan bog‘liq bo‘lmagan begona shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, cheklovlar yuzaga kelishi mumkin.
“Masofadan moliyaviy xizmatlarda axborot xavfsizligi va frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomiga ko‘ra, endilikda mobil bank ilovalariga faqat o‘z nomidagi telefon raqami orqali kirish mumkin bo‘ladi. Bu tartib foydalanuvchilarni aniq identifikatsiya qilish va kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
Yangi qurilmadan kirishda ilovalar ulangan kartalarni asliga qaytarishi va mahalliy ma’lumotlarni (tarixni) tozalashi kerak. Foydalanuvchi qurilma sozlamalari haqida bildirishnoma oladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA