Olotda yangi uzumzor barpo etildi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish, sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, subsidiyalar ajratish, sifatli ko‘chatlar tanlash va serhosil navlarni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, qayta ishlash hajmini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Buxoro viloyati Olot tumani Usmonshayx mahallasidagi “Otabek Po‘lat” fermer xo‘jaligiga qarashli 4 gektar maydonda yangi uzumzor tashkil etildi. Loyiha tuman hokimi Nargiza Ne’matova boshchiligida tegishli tashkilotlar, “Agrostar” korxonasi hamda “Asaka bank” hamkorligida amalga oshirildi.
Yangi uzumzorda zamonaviy shpaller tizimi asosida 3 ming 500 dan ortiq “Avatar”, “Lamborjini”, “Husayni” va “Kelin barmoq” navli uzum ko‘chatlari ekib chiqildi. Mazkur navlar yuqori hosildorligi va bozorbopligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish bilan birga, hududda uzumchilikni rivojlantirish, sifatli mahsulotlar yetishtirish va keyingi bosqichda ularni qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beradi.
[gallery-28713]
Shuningdek, yangi uzumzorlarni barpo etish qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va hudud iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Agrar sohada amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar kelgusida yanada keng ko‘lamda davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA