Mirobod tumanida xavfsiz muhit qanday shakllantirilgan?
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov hamda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahodir Mirzarahimov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahrining Mirobod tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Ishchi guruh a’zolari va tuman sektor rahbarlari mahallalarda jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda aholi xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tahlil qildi.
Bunda, faqat mavjud holatni baholash bilan cheklanilmasdan, amaliy natija beruvchi yangi yondashuvlar va mexanizmlar joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, Mirobod tumani hokimligida tashkil etilgan Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati o‘rganilib, uning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Tuman hududida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, ularni yagona integratsiyalashgan tizimga ulash orqali jinoyatlarni tezkor aniqlash va oldini olish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh “Obod mahalla” dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan Ziyonur mahallasida bo‘lib, bu yerda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Mazkur ishlar aholi turmush sifatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni yoritish tizimlarining yaxshilanishi tufayli tungi vaqtda yurish xavfsizligi ta’minlanadi, bolalar va yoshlar uchun xavfsiz o‘yin va dam olish hududlari yaratiladi.
Mahalliy aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ularni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha manzilli choralar belgilab olindi.
[gallery-28512]
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari Qo‘yliq ota mahallasiga tashrif buyurib, ushbu hududga jalb etilgan qo‘shimcha kuch va vositalar faoliyati bilan tanishdi. Jarayonda profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali jinoyatchilikning oldini olish samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Uchrashuvlar davomida hududlarni zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlash, ob’ektlarni qo‘riqlovga olishni kengaytirish orqali yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar kuchaytirilishi belgilandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA