“Mingtepa” yodgorligi qadimda rivojlangan shaharning xarobalaridir
Andijon viloyati Marhamat tumani hududida joylashgan “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi tarixiy manbalar hamda arxeolog-olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatning poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.
Hozirda Mingtepa yodgorligi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.
Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda, milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan bu mahobatli shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dehqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan.
Dovon davlatiga tashrif buyurgan Xitoy elchisi Chjan Syanning o‘z imperatori U-Diga yozgan hisobotlarida Dovonning qishloq va shaharlari obod, sug‘orma dehqonchilik hamda hunarmandchilik xo‘jaliklari yuksak darajada rivojlanganligi, kuchli qo‘shinga ega mamlakat ekanligini ta’riflaydi. Aholisi xushmuomala, mehmondo‘st, ko‘ngli ochiq ekanligi, xalqi qishloq xo‘jaligi ekinlaridan arpa, bug‘doy, sholi, beda ekib, ulardan yuqori hosil olishini yozadi. Qolaversa, elchi Dovonning tinch va osoyishta mamlakat ekani, aholisi boy, turmushi farovon, tabiati go‘zal, ayniqsa, elchi vohaning baquvvat, baland bo‘yli hamda kuchli duldul otlari haqida alohida to‘xtalganligi tarixchilar tomonidan qayd etiladi.
Arxeologlarning e’tirof etishicha, “Mingtepa” yodgorligi inshootiga oid osori-atiqalar Farg‘ona vodiysidagi boshqa biror bir antik davr yodgorligida uchramaydi.
“Mingtepa” yodgorligini o‘rganish, ilmiy tadqiq etish ishlari o‘tgan asrning 40-50 yillaridan boshlangan. O‘tgan yillar davomida “Mingtepa” xarobalari o‘rnida arxeolog-olimlar qazishma ishlarini olib borgan, ko‘plab qadimiy osori-atiqalar topilgan. Ayniqsa, tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti arxeolog olimlari hamkorligida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida qadimiy poytaxt shahar xarobalaridan qimmatli manbalar, moddiy ashyolar topilgan.
Topilgan ashyolar, to‘plangan manbalardan kelib chiqib, 2 ming yildan ziyod vaqt avval “Mingtepa” Farg‘ona vodiysidagi eng yirik, rivojlangan qasr-shahar bo‘lganligi, qator tarixiy manbalarda ta’kidlanganidek, Dovon davlati poytaxti Ershi, keyinchalik Mingtepa deb qayta nomlangan shahar ekanligi va uning joylashgan o‘rni haqida ma’lumot va ilmiy xulosalar e’lon qilindi.
Yodgorlik hududidan topilgan osori-atiqalar, qurilish inshootlari qoldiqlari, kulolchilik idishlari, hayvon suyaklari va toshdan yasalgan yorg‘uchoqlar, xum idishlar, palaxmonlar, sopoldan tayyorlangan quvurlar Mingtepaning haqiqatan ham qadimda rivojlangan shahar bo‘lganini tasdiqlaydi.
– Hozirda “Mingtepa”ning ichki mudofaa devori hamda minoralari saqlanib qolgan, – deydi “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tadqiqotchi-tarixchi Shaxlo Xusanova. – Mudofaa devorining shimol va janub tomonlarida 12 tadan 24 ta, sharq va g‘arb tomonlarida 20 tadan 40 ta, jami 64 ta kuzatuv hamda qo‘riqlov minoralari bo‘lgan. Hozirga qadar 52 ta mudofaa devorlaridagi minoralar saqlangan. Mudofaa devorining umumiy uzunligi 2 ming 600 metr, tashqi devor bundan ham uzun bo‘lgan. Demak, o‘z davrida Mingtepa ikki qator mudofaa inshooti bilan o‘rab olingan mustahkam qal’a-shahar bo‘lgan. Bunday mustahkam mudofaa inshooti Farg‘ona vodiysidagi antik davrga tegishli boshqa birorta yodgorlikda aniqlanmagan.
Olimlarning ta’kidlashicha, sopol idishlarga tirnab bezak berish vodiyda eramiz boshlarida yuksak darajaga yetgan. Mingtepada ana shunday tasvirlar tushirilgan sopol parchalari topilgan. Birida jangchi va qush, ikkinchisida esa ot tasviri tushirilgan. Mazkur nafis tasvirlar ajdodlarimizning yuksak did va mahoratidan darak beradi. Eng muhimi, shaharning ichki va tashqi devorlari juda murakkab hamda har qanday hujumga dosh beradigan qilib qurilgan. Ammo tashqi shahar va uni devorlari bugungacha saqlanmagan. Ichki shahar maydoni ham deyarli buzilib, ekin ekish uchun o‘zlashtirilib yuborilgan.
– Hududda olib borilgan qazishma ishlarida uzunligi 30 metrcha, eni 140-170 santimetr bo‘lgan toshyo‘lak aniqlangan, – deydi “Antik dunyo” xalqaro ilmiy akademiyasi dotsenti, jurnalist va yozuvchi Obidjon Mahmudov. – Mayda tosh to‘shalgan bunday yo‘l “Mingtepa” yodgorligining janubida ham topilgan. Shuningdek, qazishmalarda yirik hajmdagi ko‘plab idish parchalari, xumlar qazib olindi. Arxeologlarning fikrlariga ko‘ra, bu topilmalar teri ishlash (ko‘nchilik) yoki to‘qimachilik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chunki mutaxassislar tekshirganlarida xumlar ostki qismi yer ostiga kovlab bir tekis qilib o‘rnatilgan va atrofi maxsus loy - qir (tuproq, kul va ohak aralashmasi) bilan o‘ralgan (gidroizolyatsiya qilingan). Mazkur topilmalar ehtimol Xitoy manbalari tilga olgan uzum sharbati ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ya’ni, xitoylik tarixchilar manbalarida Farg‘ona vodiysida uzum va uzum sharbati (may) yetishtirish rivojlanganligi qayd etiladi.
Xalq orasida Mingtepa, Lo‘mbitepa, Jingirtepa deb nomlanuvchi tepaliklar borki, ularni o‘rganish, tadqiqot ishlarini olib borish bugungi kunda arxeolog olimlar oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
[gallery-20455]
“Mingtepa” yodgorligi, uni o‘rganish, tadqiq etish bo‘yicha turli davrlarda N. Ya. Bichurin, M. Ye. Masson, Yu. A. Zadneprovskiy, V. M. Masson, A. N. Bernshtam, B.X. Matboboyev, B. M. Abdullayev, A. Xo‘jayev, A. Egamberdiyev singari sharqshunos va arxeolog olimlar, yozuvchilarning xulosalari e’lon qilingan, kitoblari chop etilgan.
“Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tarixchi-tadqiqotchi Shaxlo Xusanova tomonidan tayyorlanib, chop etilgan “Mingtepa” kitobida yuqoridagi olimlarning ilmiy xulosalari va kitoblari haqida to‘laqonli ma’lumotlar jamlangan. Bundan tashqari, jurnalist, yozuvchi va tadqiqotchi Obidjon Mahmud Dovoniyning “Ko‘hna va boqiy Mingtepa. Qadim Farg‘ona tarixidan” nomli kitobidan ham “Mingtepa” haqida juda ko‘p ma’lumotlar o‘rin olgan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari