Milliy moda industriyasi: yangi bosqich va yuksak imkoniyatlar davri
Yangi qaror
Milliy madaniyat va qadriyatlarni namoyon etishda moda sohasining o‘rni beqiyos. U shunchaki kiyim-kechak, ranglar va dizayn uyg‘unligi emas, balki milliy merosni zamonaviy talqinda ko‘rsatish hamda yangi brendlar yaratishda muhim omildir. Bu orqali mamlakatimiz nomini va vatandoshlarimizning dizaynerlik salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish imkoniyati tug‘iladi.
Shu bois, yurtimizda yengil sanoat, dizayn, moda va kreativ iqtisodiyot sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda milliy moda maktabini shakllantirish, uni xalqaro darajaga olib chiqish hamda yoshlarda zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratish nihoyatda muhimdir.
Darhaqiqat, bugungi global raqobat davrida moda sohasida muvaffaqiyat qozonish uchun faqat iqtidorning o‘zi kifoya qilmaydi. Zamon talabiga mos chuqur bilim, professional ko‘nikmalar va bozor kon’yunkturasini to‘g‘ri anglash uchun tizimli ta’lim tizimi suv va havodek zarur.
Bu borada Prezidentimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 16-oktabrda qabul qilingan “Toshkent xalqaro moda akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab beradi.
Sir emaski, O‘zbekistonning to‘qimachilik va yengil sanoatida shakllangan ko‘p yillik tajriba, betakror milliy matolarimiz va boy hunarmandchilik an’analari jahon moda industriyasida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Mazkur tarixiy qaror yaratgan yangi imkoniyatlardan unumli foydalanish esa soha uchun xalqaro mezonlar asosida fikrlaydigan, dizayn bilan yuqori texnologiyalarni, ijod bilan tadbirkorlikni uyg‘unlashtira oladigan yangi avlod mutaxassislarini yetishtirishga xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi maskan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining amaldagi qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etilmoqda. E’tiborli jihati, mazkur dastur asosida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini ushbu Akademiyada davom ettiradilar va bitiruvchilarga yangi tashkil etilgan oliygoh diplomi beriladi.
Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalaridagi korxona hamda tashkilotlar buyurtmasi asosida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Bu yondashuv kadrlar tayyorlash jarayonini bevosita real ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan integratsiya qilishga xizmat qiladi. Natijada talabalar nafaqat nazariy bilim, balki bevosita amaliy tajribaga ham ega bo‘ladi. Korxonalar esa o‘zlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni maqsadli tarbiyalash jarayonida faol ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Shu bilan birga, davlat buyurtmasi asosida turli tashkilot va vazirliklar uchun maxsus kiyim-bosh dizaynlarini aynan Akademiya bazasida ishlab chiqish hamda istiqbolli milliy brendlarni yaratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir quvonarli jihati, 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha baho ko‘rsatkichi Akademiya tomonidan belgilangan mezondan kam bo‘lmagan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan o‘qishni to‘lov-kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Bu tizim kollej va texnikum bitiruvchilari uchun oliy ta’limga integratsiyalashishning noyob pog‘onasi bo‘ladi.
Xalqaro maqomni mustahkamlash maqsadida Moda akademiyasiga taklif etiladigan xorijlik mutaxassislar, ma’muriy xodimlar, ularning oila a’zolari hamda chet ellik talabalarga ko‘p martalik viza rasmiylashtirilishi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibi soddalashtirilishi belgilangan. Bunday imtiyozlar sohaga jahon darajasidagi professor-o‘qituvchilar, yetakchi ekspertlar va xorijlik talabalarni keng jalb etish uchun qulay va jozibador muhit yaratadi.
Toshkent xalqaro moda akademiyasi sohada yangi g‘oyalarni amaliy natijaga aylantirish, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning zamonaviy global talablarga moslashishi uchun muhim maydon bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tarixiy tashabbus yurtimizda milliy moda industriyasining barqaror rivojlanishi, “Made in Uzbekistan” brendining jahon podiumlari va bozorlarida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA