"Marhabo, talantlar — 2026" Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi
"Marhabo, talantlar — 2026" Respublika tanlovi yakunlandi. Unda yosh iqtidorlar san’atning turli yo‘nalishlarida mahorat namoyish etib, yuksak e’tirof va noyob imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda yurtimizda iste’dodli yoshlarga bo‘lgan e’tibor yuksak darajada. Natijada ular erishayotgan marralar ham quvonarli. Bunda san’at va adabiyot ham muhim o‘rin tutadi. Fikrimizning isboti davlatimiz rahbarining kino sohasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvidagi yoshlarning shijoatida ham namoyon bo‘ldi.
Ana shunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy san’atimizni kelajak avlodga munosib targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda "Zamin Prof Art" hamkorligida "Marhabo, talantlar — 2026" Respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tanlov R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashgan musiqa maktabida o‘tkazildi.

Mazkur tanlov madaniyat va san’at sohasida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, milliy san’atimizni rivojlantirish hamda iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish imkonini berdi.
Ishtirokchilar tanlovda vokal, cholg‘u ijrochiligi, xoreografiya, teatr aktyorligi, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z iqtidori va mahoratlarini namoyish etdi.
Tanlov yakunida g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Tadbirning esda qolarli voqeasi esa eng yuqori natijani qayd etgan Gran-pri sohiblariga Dubayga sayohat yo‘llanmasi topshirilgani bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, yosh iste’dodlarni birlashtirgan bunday tanlovlar ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish, san’atga bo‘lgan qiziqishini oshirish va yangi yutuqlar sari rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherbek Islomov,
O‘zA