Milliy gvardiya bo‘linmalari o‘rtasida “Zakovat” o‘tkazildi (+video)
Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temurning harbiy strategiyasi va san’ati” mavzusida Milliy gvardiya bo‘linmalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Mazkur intellektual bellashuvda “Temurbeklar maktabi” hamda Harbiy musiqa akademik litseylari o‘quvchilari, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, talabalari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi hamda turli harbiy qismlar shaxsiy tarkibidan iborat jami 13 ta jamoa faol ishtirok etdi.
Bahslar shaffoflik, adolat va yuqori saviyada tashkil etilib, har bir jamoaga o‘z bilim va tafakkur salohiyatini namoyish etish uchun teng imkoniyat yaratildi. Ikki raunddan iborat bahs davomida ishtirokchilar jami 30 ta murakkab va mantiqiy savollarga javob topishga urindi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rin “Renessans” jamoasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni Jamoat xavfsizligi universiteti o‘qituvchilaridan tashkil topgan “Favorit” jamoasi qo‘lga kiritdi. Musobaqaning mutlaq g‘olibi universitet talabalaridan iborat “Aura” jamoasi bo‘ldi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar munosib taqdirlanib, barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Eng muhimi, ushbu intellektual o‘yin qatnashchilarga nafaqat bilim va tafakkurni sinovdan o‘tkazish, balki Amir Temurning boy harbiy merosi, strategik tafakkuri va davlat boshqaruvi tajribasini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini yaratdi.
Bunday tadbirlar yoshlar qalbida milliy tarixga hurmat, buyuk ajdodlar merosiga qiziqish hamda Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/245sL0DjwjM" title="Milliy gvardiya bo`linmalari o`rtasida “Zakovat” o`tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA