MIB Bo‘stonliqdagi 17 gektar bo‘lgan noturar binoni sotuvga qo‘ymoqda
Bo‘stonliq tumanida faoliyat yurituvchi qarzdor "A.C.T" MCHJ undiruvchi davlat foydasiga faoliyati davomida soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan 1 milliard so‘m soliq qarzdorligi yuzaga kelgan.
Majburiy ijro byurosining Bo‘stonlik tuman bo‘limi ish yurituviga Bo‘stonlik tuman soliq inspeksiyasining qaroriga ko‘ra, qarzdorlikni MCHJdan undirish to‘g‘risidagi qaror ijro etish uchun yuborilgan bo‘lib, MCHJga tegishli bo‘lgan noturar bino inshootiga qaratish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan.
MCHJ mas’ullari kelgusida qarzdorlikni bartaraf qilmagan taqdirda, ko‘chmas mulklari xatlanib, realizatsiya qilinishi haqida ogohlantirilgan. Qarzdorlikni bartaraf etish uchun berilgan ixtiyoriy muddatda qarzdorlik bartaraf etilmagani sababli ijro harakatlariga kirishilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli maydoni 17 gektar bo‘lgan noturar bino inshootlari xatlanib, auksion savdolarida sotish uchun buyurtma berilishi ta’minlandi.
Hozirda ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA