Topshiriqlar to‘liq bajarilmagani ma’lum bo‘ldi
Prezident qarorlari asosida Sirdaryo viloyatida 1-guruh nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan hamda og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan 85 ta oilaning uy-joyini ta’mirlash uchun davlat byudjetidan 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Biroq joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim xonadonlarda qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan talablar darajasida bajarilmagani aniqlangan.
Ushbu masala Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida hokimlik ishchi guruhining joylarda o‘tkazgan o‘rganishlari natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, mas’ul tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda qurilish-ta’mirlash ishlarining 72 foizi bajarilgani qayd etilgan. Biroq, viloyat hokimining topshirig‘iga asosan tuzilgan ishchi guruhning joylarda olib borgan o‘rganishlari hisobotlarda keltirilgan ma’lumotlar bilan amaldagi holat o‘rtasida tafovut mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan, Boyovut tumanida 14 ta xonadonda ta’mirlash ishlari yakunlanmagan, ikki xonadonda esa ishlar hali boshlanmagan. Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi «Furqat» mahallasida istiqomat qiluvchi Halima Nuriyevaning avariya holatidagi uyini ta’mirlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilmagani, ikki oyog‘idan mahrum bo‘lgan Sapar Ilyabayevning xonadonida isitish tizimi hamda sanitariya xonalarini ta’mirlash ishlari bajarilmagani aniqlangan. Sayxunobod tumanida yashovchi Bobomurod Boboyevning uyida ham qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanmagani qayd etildi.

Muhokama davomida mazkur kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, har bir xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan talablar asosida yakunlash, davlat mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash hamda bu boradagi nazoratni kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri