“Mening oilam – mening huquqim”
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida “Mening oilam – mening huquqim” aksiyasi Respublika bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbus aholining, ayniqsa, oilaviy-huquqiy masalalar bo‘yicha huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Aksiya doirasida Qashqadaryo viloyatining barcha tuman va shaharlarida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Qarshi shahridagi Naxshab mahallasida o‘tkazilgan uchrashuvda fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javob oldi.
50 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etgan tadbirda hadya shartnomasi, vasiyatnoma rasmiylashtirish tartibi, nikoh shartnomasi, er-xotinning umumiy mulkdagi ulushlari kabi masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, nizolarni sudgacha hal etish bo‘yicha bepul huquqiy maslahatlar taqdim etildi.
[gallery-28356]
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday amaliy muloqotlar fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ularni qonun doirasida to‘g‘ri qaror qabul qilishga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joiz, ikki kun davom etayotgan “Mening oilam – mening huquqim” aksiyasi fuqarolarning notariat sohasiga oid bilimlarini mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari