Mehmonxonalar qurilishida mahalliy materiallar ulushi oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik katta dastur qabul qilindi.
Dastur doirasida 34 ta yirik turizm ob’ekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, xususan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Masalan, Parkentda yaqinda ochiladigan “Kumushkon resort” turizm kompleksida 98 foiz mahalliy qurilish materiallari ishlatilmoqda.
Hokimlar ham o‘z hududlarida barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishlari zarurligi qayd etildi.
Buning uchun keyingi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 mingdan 150 ming tonnaga, santexnikani 1,5 milliondan 2 million donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 mingdan 300 ming tonnaga, gulqog‘ozni 6 milliondan 7,5 million tonnaga, dekorativ panellarni 15 million kvadrat metrdan 18 million kvadrat metrga yetkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA