Yil yakunigacha past quvvatda ishlayotgan qurilish materiallari korxonalariga investorlar jalb qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Mamlakatimizda sement, bazalt, oyna, keramik plitalar kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan quvvatlar 2035-yilgacha bo‘lgan ehtiyojlarni qoplashga ham yetadi.
Endilikda investorlarni bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi qayd etildi.
Masalan, Forishdagi bazalt tolasi zavodining yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda. Hozir 1 tonna bazalt tolasi 340 dollar bo‘lsa, bazalt matosining tonnasi 900 dollarni tashkil etadi.
Yoki bizda asosan 400 va 500 markali sement ishlab chiqariladi. Hozir faoliyati to‘xtagan 17 ta sement zavodini investorlar bilan bog‘lab, maxsus sement ishlab chiqarishga o‘tkazilsa, xaridor ham, eksport ham bo‘ladi.
Mutasaddilarga alohida dastur tasdiqlash hamda yil yakunigacha past quvvatda ishlayotgan kamida 50 ta qurilish materiallari korxonasiga investorlarni jalb qilish topshirildi.
O‘zA