Maxsus pedagoglar mahorati sinovdan o‘tkazildi
Yangiyo‘l shahrida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining inklyuziv ta’lim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar o‘rtasida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz miqyosida ilk bora o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning asosiy maqsadi inklyuziv ta’lim sifatini yanada oshirish, maxsus pedagoglarning kasbiy mahorati va salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iboratdir.

Toshkent viloyati hududlarida ham tanlov qizg‘in va shaffof muhitda tashkil etildi. Unda maxsus va inklyuziv ta’lim yo‘nalishida mehnat qilayotgan fidoyi pedagoglar o‘z bilim va tajribalarini namoyon etdi.

Tanlov jarayonida ishtirokchilar amaliy ochiq korretsion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarni o‘tdi. “Mening pedagogik faoliyatim” mavzusida taqdimot qildi, kasbiy bilim va kompetensiyalar bo‘yicha savol-javob shartlari orqali o‘z bilim va tajribalarini namoyon etdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning kasbiy yondashuvi, inklyuziv ta’lim sohasidagi tajribasi, bolalar bilan ishlash mahorati hamda innovatsion yondashuvlari yuqori baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yangiyo‘l tumanidagi 6-sonli umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Madina Hojiyeva g‘olib deb topildi.

Tanlov g‘olibi va faol ishtirokchilar viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Umuman olganda, bunday tanlovlar inklyuziv ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish hamda ta’lim sifati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Musayev, O‘zA