Matbuot va OAV vakillariga ehtirom ko‘rsatildi
Navoiy viloyati hokimligida 27-iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini, ularning faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi paytda mas’uliyat yanada kuchayib, professional yondashuv, tezkorlik va xolislikni talab etmoqda. Boisi dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barcha sohalarda axborot olish va uni yetkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish zaruratga aylanib bo‘ldi. Bu o‘z-o‘zidan har bir qalam ahli oldiga yangidan-yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda. Yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning erkin minbari va xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylangan matbuot endilikda davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyasining muhim qismi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Qayd etish kerak, ayni paytda Navoiy viloyatida 19 ta bosma nashr, 1 ta davlat teleradiokanali va 1 ta NNT media markazi, 10 ga yaqin internet nashr mavjud. Shuningdek, 15 nafar respublika OAVlarining viloyat bo‘yicha muxbirlari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, bugun viloyat, tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlarda axborot xizmatlari samarali faoliyat yuritmoqda.

Ayni paytda ommaviy axborot vositalari vakillarining 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, 1 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, 4 nafari “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari nishondorlari, 1 nafari “Sog‘lom turmush” medali, 4 nafari esa “Shuhrat” medali sovrindorlari hisoblanishadi.
– Ommaviy axborot vositalari jamiyat ko‘zgusi, axborot va so‘z erkinligini ta’minlovchi hamda sodir bo‘layotgan jarayonlarga xolis va haqqoniy yondashuvchi muhim vosita sifatida bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylandi, – deydi ““Sog‘lom turmush” medali sohibi Ibrohim Jumayev. – Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda davlat boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qolaversa aholining mavjud muammolarini keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishda jurnalistlarning roli oshib bormoqda. Buni esa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan tahliliy materiallar, jurnalistik tekshiruv ishlari va tanqidiy ko‘rsatuvlar soni ortib borayotganidan bilib olish mumkin. Eng muhimi, rahbar va mutasaddilarning zamon talablari asosida ishlashi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi deb bilishiga undamoqda.

Tantanali tadbirda bir guruh OAV vakillari, faxriy jurnalistlar va blogerlarga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari