“Mas’uliyatli ota-ona” – oilalar mustahkamligi, farzandlar kamolotini ko‘zlovchi loyiha
Yurtimizda “Mas’uliyatli ota-ona” loyihasi hayotga joriy etilmoqda.
Aytish kerakki, 2025-yilgi Davlat dasturida mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-ona” loyihasini keng joriy etish masalasi muhim vazifa sifatida belgilangan edi.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan sog‘lom oilani shakllantirish, yoshlarning oila va jamiyat oldidagi burchini yuksaltirish, ota-onalar mas’uliyatini oshirish masalasiga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish borasida ko‘plab amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.

“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti Oila va xotin qizlar qo‘mitasi tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining alohida dastur asosida malakasini oshirib borish, ularning faoliyatini uslubiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
2026-yilga mo‘ljallangan vazifalarni bajarish maqsadida "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari uchun malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil qilindi. 36 soatlik kurslar davomida bir qator dolzarb mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Kurslar davomida institut direktori, pedagogika fanlari doktori, professor N.Egamberdiyeva “Oila ijtimoiylashuv instituti sifatida” mavzusida mashg‘ulotlar olib bordi.
Institut bo‘lim boshlig‘i B.Xonto‘rayev “Oila va gender siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mezonlari va modellari”, “Asosiy gender tushunchalari atrofidagi bahslar, xalqaro muammolar va O‘zbekistondagi ijtimoiy vaziyat” mavzusida ma’ruza qildi. “Oilada tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini erta oldini olish hamda profilaktika ishlarini tashkil etish” mavzusida institut bo‘lim boshlig‘i X.Saydivaliyeva tomonidan taqdimot o‘tkazildi.

“Oila va xotin-qizlar tizimida statistik ma’lumotlar bilan ishlash, monitoring hamda baholash” mavzusida institut bo‘lim boshlig‘i Sh.Dusnayev mashg‘ulot o‘tkazdi.
Shuningdek, institut psixologi O.Qodirovaning “Psixologik muloqot va stressni boshqarish: nizoli vaziyatlarda neytrallik, barqarorlik va professional mahorat” mavzusidagi taqdimoti oilada ruhiy muammolar yechimiga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Kurslar davomida institut ilmiy xodimi X.Norqulov “Tizim xodimlari faoliyatida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashning zamonaviy strategiyalari” mavzusida mashg‘ulotlar olib bordi.
Shuningdek, “Oilaviy nizolarni barvaqt oldini olishda keys menejment usulini qo‘llash va idoralararo hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi ma’ruza, “Oila va gender tizimidagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni baholashda xalqaro indekslarning o‘rni va ahamiyati” mavzusida mashg‘ulot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. “Xotin-qizlar bilan ishlash tizimida murojaatlar orqali samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish” mavzusida institut psixologi R.Hojiyev tomonidan tayyorlangan taqdimot muammoli masalalarni o‘rtaga tashlagani va ularga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA