“Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida”
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi mazmun-mohiyati hamda 8 dekabr – Konstitutsiyamizning 33 yilligiga bag‘ishlangan “Ma’rifat soati” o‘tkazildi.
Tadbirda Federatsiyaning viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva va Navoiy davlat universiteti dotsenti Xurshid Qurbonov ishtirokchilarga Konstitutsiyaning qabul qilinishi tarixi, unda mustahkamlangan huquq va erkinliklar, asosiy qonunning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, davlat rahbarining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida ilgari surilgan g‘oya va tamoyillar xususida keng to‘xtalib o‘tildi.


Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining ushbu maqolasi mintaqada kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jarayonlarga bag‘ishlangan bo‘lib, u nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa taraqqiyoti uchun muhim strategik hujjat sifatida e’tirof etilmoqda. Maqolada Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlik tamoyillari yuksak qadrlanmoqda.


– Bugungi kunda mintaqa davlatlari umumiy maqsadga – tinchlik, barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashga intilmoqda. Prezidentimiz alohida qayd etib o‘tganidek, Markaziy Osiyo o‘z tarixida ijobiy siyosiy muhitga ega bo‘lmoqda, – deydi X.Qurbonov. – Maqolada iqtisodiy integratsiya masalasi alohida o‘rin tutadi. Qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi savdo aylanmasi yil sayin oshib borayotgani, qo‘shma loyihalar va sanoat kooperatsiyasi kengaygani mintaqaning iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Yurtboshimiz o‘z maqolasida mintaqadagi xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratgan. Afg‘onistondagi vaziyat, terrorizm va ekstremizm xavflari, noqonuniy migratsiya kabi muammolarni hal etishda qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma mexanizmlar yaratish, siyosiy muloqotni kuchaytirish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlanadi. Qolaversa, maqolada boshqa sohalardagi hamkorliklar va ularning ahamiyati haqida alohida so‘z yuritilgan.


Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri