Markaziy Osiyo va Koreya: strategik sheriklikning yangi ufqlari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 16-sentabr kuni Seul shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Unda mintaqa hayotiga oid bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitidagi nutqi mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim takliflarni qamrab oldi. Unda iqtisodiy sheriklik bilan bir qatorda texnologiya, ta’lim, iqlim, raqamli xavfsizlik va yoshlar masalasiga ham ustuvor ahamiyat berildi.
Bugun dunyoda iqtisodiy va texnologik o‘zgarishlar juda tez kechmoqda. Sun’iy intellekt mehnat bozoriga ta’sir ko‘rsatyapti, iqlim o‘zgarishi yangi xavflarni yuzaga keltirmoqda, mamlakatlar esa zamonaviy ishlab chiqarish va raqamli infratuzilma uchun raqobat qilyapti. Bunday sharoitda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik faqat savdo yoki investitsiya bilan cheklanib qolmasligi kerak.
Prezident nutqida ana shu haqiqatdan kelib chiqib, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi munosabatlarini uzoq muddatli strategik sheriklik asosida rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyo bugun 80 milliondan ziyod aholiga ega, iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6 foizdan yuqori bo‘lgan va yalpi ichki mahsuloti 500 milliard dollardan oshgan makon sifatida shakllanmoqda. Koreya Respublikasi esa zamonaviy texnologiyalar, innovatsiya va ilm-fanga asoslangan ishlab chiqarish sohasida katta tajribaga ega. Ana shu ikki salohiyatning uyg‘unligi yangi hamkorlik imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi.
Asosiy masala — kelgusi o‘n yilliklarda qanday iqtisodiyot quriladi, qanday texnologiyalar o‘zlashtiriladi, qanday mutaxassislar tayyorlanadi va mintaqaning global iqtisodiyotdagi o‘rni qanday shakllanadi, degan strategik vazifalarga ko‘chmoqda.
Prezident nutqidagi eng muhim g‘oyalardan biri — uzoq muddatli rejalashtirish masalasi. Dunyodagi o‘zgarishlar tezligi davlatlarning ularga moslashish imkoniyatlaridan ilgarilab ketmoqda. Sun’iy intellekt mehnat bozori va sanoat tarmoqlarini o‘zgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bog‘liq xavflar yangi yechimlarni talab qilmoqda. Ta’lim tizimi, infratuzilma va inson kapitaliga qo‘yilayotgan talablar ham o‘zgarmoqda.
Bunday sharoitda davlat siyosatining vazifasi faqat yuzaga kelgan muammolarga javob berish bilan cheklanmaydi. U iqtisodiyotni o‘zgartirayotgan texnologik tendensiyalarni oldindan aniqlash, kelgusida talab yuqori bo‘ladigan kasb va kompetensiyalarni belgilash, zarur infratuzilmani shakllantirish hamda yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini rivojlantirishni qamrab oladi.
Prezidentimizning “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” nomli uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish haqidagi taklifi aynan shu strategik yondashuvni ifodalaydi. Unda kelajak uchun zarur kompetensiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma va mutaxassislarni oldindan belgilash maqsadi qo‘yilmoqda. Bu — mintaqaviy taraqqiyotni oldindan ko‘ra bilish va uning institutsional asoslarini yaratishga bo‘lgan urinish.
Nutqda Markaziy Osiyo faqat xomashyo yetkazib beradigan mintaqa emasligi alohida ta’kidlandi. Mamlakatlarning innovatsion va texnologik hamkorlik orqali global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirib borayotgani qayd etildi.
Shu ma’noda O‘zbekistonda “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologiya parkini tashkil etish taklifi strategik mazmunga ega. Avtokomponentlar, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika va kimyo sanoatida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali mintaqaviy bozor uchun yangi texnologik baza yaratish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yangi texnologik iqtisodiyotda nodir minerallarning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Raqamli qurilmalar, energetika, elektr transporti va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan xomashyoga talabning o‘sishi Markaziy Osiyoning resurs salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni ham kuchaytirmoqda.
Davlatimiz rahbari nodir minerallar sohasida mintaqaviy investitsiyaviy alyans tashkil etishni taklif qildi. E’tiborlisi, bu tashabbus faqat qazib olish bilan cheklanmaydi. Geologiya-qidiruvdan boshlab qazib olish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi sanoat klasterlarini yaratish nazarda tutilmoqda. Bu esa mintaqaning global mehnat taqsimotidagi o‘rnini ham o‘zgartirib, xomashyo yetkazib beruvchi hududdan uni qayta ishlaydigan va tayyor texnologik mahsulot yaratadigan makonga aylanayotganining yorqin misolidir.
Yana bir muhim masala, iqlim o‘zgarishi, havo sifati, energetika va suv resurslari bilan bog‘liq masalalar Markaziy Osiyo uchun ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega. Shu sababli “yashil” taraqqiyotni texnologik modernizatsiyadan alohida tasavvur qilish qiyin.
Sammitda Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish taklif qilindi. Iqlim, energetik o‘tish va havo sifati bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar Koreya texnologiyalari transferi va mintaqaning kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishiga xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, yangi texnologiyalar kam energiya sarflaydigan ishlab chiqarishni, toza energetikani, resurslarni tejashni va shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilishni ta’minlaydi. Shuning uchun “yashil” iqtisodiyotni iqtisodiy o‘sishga cheklov sifatida emas, uning yangi texnologik manbai sifatida ko‘rish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bu nafaqat demografik ko‘rsatkich, balki katta iqtisodiy va intellektual salohiyat. Biroq demografik ustunlik avtomatik ravishda iqtisodiy ustunlikka aylanmaydi. Buning uchun yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan bog‘lash zarur.
Shu jihatdan davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan “Buyurtma – o‘qitish – bandlik” tamoyili e’tiborga molik. Bu modelda mutaxassisga bo‘lgan aniq ehtiyoj aniqlanadi, shu ehtiyojga mos ta’lim tashkil etiladi va uning yakuniy natijasi bandlik bilan bog‘lanadi. Bunday yondashuv kelajak mutaxassisini bugundan tayyorlash, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilishni kamaytirish hamda texnologik loyihalar uchun kadrlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.
Prezidentimiz kelgusi yilda O‘zbekiston-Koreya diplomatik munosabatlarining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqada 90 yillik tarixini nishonlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu esa ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikning nafaqat iqtisodiy, balki insoniy-madaniy jihatdan ham chuqur tomirlarga egaligidan dalolat beradi.
Muxtasar aytganda, sanoat, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot va inson kapitali sohalaridagi hamkorlik mintaqaning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu tashabbuslar Markaziy Osiyoni innovatsiya va iqtisodiy o‘sish markaziga aylantirish uchun muhim asos yaratadi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova yozib oldi.