Transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal o‘sishi, sanoat ishlab chiqarishi va tashqi savdo hajmining kengayishi transport infratuzilmasini izchil rivojlantirishni taqozo etmoqda. O‘zbekistonni Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylantirish, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bu boradagi ustuvor vazifalardandir.
2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga 9,1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.
Avvalo, aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi bo‘yicha axborot berildi.

Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolanib, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Urganch, Namangan aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida, Andijon aeroportini xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi. Natijada aeroportlarning o‘tkazuvchanligi oshirilib, yo‘lovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.
Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
O‘tgan oyda qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan Toshkent – Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start berildi. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi ilk pulli yo‘l ishga tushirildi.

Taqdimotda Toshkent – Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent – Andijon va Toshkent – Bo‘stonliq pulli yo‘llari bo‘yicha investorlarni aniqlash hamda amaliy ishlarni boshlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Bugungi kunda asosiy tranzit yo‘nalishlaridagi qator temir yo‘l uchastkalari yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Sanoat yuklari hajmining ortishi va yangi yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi mavjud infratuzilmaga talabni yanada oshiradi.
Shu bois, Maktaaral – Sirdaryo, Angren – Pop, Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand va To‘qimachi – Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlarga 200 million dollar yo‘naltirish hisobiga uchastkalarning o‘tkazuvchanligini 25-30 foizga oshirish mumkinligi qayd etildi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l barpo etish, hududlardagi temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish va elektrlashtirish loyihalari yuzasidan axborot berildi. Yuk vagonlari parkini yangilash, mazkur jarayonga xususiy sektorni keng jalb qilish takliflari ham muhokama qilindi.
Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilindi. Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiluvchi Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Mazkur loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Xalqaro yo‘laklardan samarali foydalanish uchun yurtimizdagi logistika markazlari tarmog‘ini ham kengaytirish zarurligi bildirildi.
Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistikaga ixtisoslashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi. Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ularni joylashtirish, investorlarni jalb qilish, moliyalashtirish va zarur infratuzilma bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda yuk tashuvlarini raqamlashtirish va sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yuk tashish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi hali ham 42 foizdan yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni shakllantirish va barcha transport xizmatlarini birlashtiruvchi elektron tizim mavjud emasligi bu boradagi asosiy muammolardan hisoblanadi.
Shu bois, yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi. Xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuk harakatini real vaqtda kuzatish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish choralari ham ko‘rib chiqildi.
Bu orqali tashuvchilar uchun qulaylik yaratish, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga o‘tkazish va sohada shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan loyihalarning muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilab, ularni o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.