Markaziy bank 11 ta bankka jarima sanksiyalarini qo‘lladi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026-yil fevral oyida o‘tkazilgan 7 ta yig‘ilish davomida jami 43 ta masala ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala muhokama etildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (3 ta), kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish (1 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (6 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta), to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyani qayta rasmiylashtirish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 13 ta masala ham muhokama qilindi. Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlar talablarining bajarilishi, tijorat banklarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etish hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmagani hamda inspeksiya va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 11 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, faoliyatni qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish choralari o‘z vaqtida ko‘rilmagani hamda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 14 ta bank va 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi.
Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarning bank moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish, shuningdek, makroprudensial buferlarni shakllantirishni ta’minlash maqsadida bank aksiyadorlariga oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash orqali foydani taqsimlamaslik talabi belgilandi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA