"Maqsadimiz – insonlar vaqti va shahar resursini tejaydigan yashil Toshkentni birga qurish” – Shavkat Umrzoqov
Qaror yuzasidan
Тадbirкорлiкнi qo‘llab-quvvatlash va sohada qulay shart-sharoitlar yaratish iqtisodiy barqarorlik hamda aholi farovonligini ta’minlashda tezkor natija beradi. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 27-iyul kuni imzolangan “Toshkent shahrini 2026-2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ayni shu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagi qarorda belgilangan maqsad-vazifalar asosida poytaxtimiz navbatdagi rejalar bilan qanday qiyofani aks ettiradi? Shular xususida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning fikrlariga qiziqdik.
– Markaziy Osiyodagi eng yirik va qadimiy shaharlardan biri bo‘lgan azim poytaxtimiz Toshkent – mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining muhim asosi hisoblanadi, – deya fikrini boshladi Toshkent shahar hokimi.

– Shunday ekan, muhim bir jihatni e’tiborga olish kerak, bu yerda sanoatni rivojlantirish deganda eng muhim vazifa ko‘proq zavod qurish emas, balki raqobatbardosh sanoat ekotizimini yaratishdir. Toshkent shahrida bu borada biz to‘rt narsaga e’tiborimizni qaratyapmiz: avvalo Prezidentimiz topshirig‘iga muvofiq shahardagi 11 mingga yaqin sanoat korxonasini to‘liq inventarizatsiya qilish, real quvvatini, undan to‘liq foydalanilmayotgani sabablarini aniqlash va to‘siqlarni manzilli bartaraf etishga. Ikkinchidan, yirik ishlab chiqarish atrofida kichik va o‘rta korxonalardan iborat butlovchi zanjirni rivojlantirishga ham. Chunki mahalliylashtirishni chuqurlashtiradigan va tannarxni pasaytiradigan aynan shu tizim bo‘ladi. Uchinchidan esa ilm-fan va ta’limni sanoat talabi bilan bevosita bog‘lashga. To‘rtinchidan, faqat ichki emas, mintaqaviy bozorni hisobga olib rejalashtirish – o‘zimiz raqobatbardosh ishlab chiqara oladigan import o‘rnini bosish masalasiga. Natija bu yuqori qo‘shilgan qiymat, tashqi yetkazib beruvchilarga qaramlikning kamayishi va sanoatning iqtisodiy o‘sish hamda strategik mustaqillik ustuniga aylanadi.
Ayni yo‘nalishda oxirgi uch yil ichida anchagina yutuqlarga erishdik, shu yil yakunida sanoat mahsulotlarining o‘sishi Toshkentda 252 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.
– Toshkent shahri infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari borasida qaror bilan «O‘n besh minutlik shahar» zamonaviy urbanistik konsepsiyasini amalga oshirish belgilangan, bundan qanday maqsadlar ko‘zlangan?
– “O‘n besh daqiqalik shahar” konsepsiyasidan ko‘zlangan maqsad – insonning kundalik asosiy ehtiyojlari bo‘lgan maktab, bog‘cha, poliklinika, savdo, sport va dam olish maskanlari yashash joyidan piyoda yoki velosipedda 15 daqiqalik masofada bo‘lishi kerak. Bunda quyidagi vazifalarni belgilab olganmiz.
Birinchidan, transport yuklamasini kamaytirish. Toshkent aholisi 3,1 milliondan oshdi, har kuni poytaxt yo‘llarida 1 milliondan ziyod avtotransport yuradi. Aholi daromadi o‘tgan yili real hisobda 15,5 foizga oshdi, demak, avtomobilga talab yanada ortadi. Xizmatlar yaqin bo‘lsa, har bir oila kuniga kamida bitta ortiqcha qatnovdan qutuladi. Bu – millionlab qatnovlarning oldini olamiz degani.
Bundan tashqari, yakka qurilishlardan kompleks master-rejalarga o‘tish. Bunda har bir kvartal bo‘yicha aholi sonidan kelib chiqib nechta maktab, bog‘cha, poliklinika, qancha yashil hudud va avtoturargoh kerakligi oldindan hisoblab qo‘yiladi — qurilishga ruxsat shundan keyin beriladi. Toshkent – mamlakat qurilish ishlarining qariyb 25 foizini bajarayotgan shahar, bu hajmni endi sifat bilan muvozanatlash shart.
Yana bir jihat – jamoat transporti uzviyligini ta’minlash. Metroning halqa yo‘nalishi hisobiga stansiyalar soni 50 taga yetdi, elektrobuslar joriy etildi. “O‘n besh daqiqalik shahar” yashil transport bilan uyg‘un bo‘lsagina ishlaydi.
Shuningdek, vaqt va ishonchni qaytarish – Parij bu konsepsiyani 2020-yildan shahar siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi, Barselona esa «superkvartallar» orqali xuddi shu yo‘ldan bordi. Ushbu yirik shaharlarning tajribasi ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatning siri – aholi bilan ochiq muloqot qilishda. Shuning uchun biz ham avval tushuntirish, eshitish, keyin qurish tamoyiliga o‘tyapmiz.
Maqsadimiz – insonning vaqtini, shaharning resursini tejaydigan, har bir mahalla o‘ziga yetarli infratuzilmaga ega bo‘lgan barqaror va yashil Toshkentni poytaxt ahli bilan birga qurish.
– Qarorda poytaxtda savdo va xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar markazlar hamda ko‘p qavatli avtoturargoh tashkil etish bo‘yicha ham vazifalar mavjudmi?
– Albatta, qarorda uchta aniq yo‘nalish belgilangan: bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalarni rivojlantirish va avtoturargohlar tizimini yaratish.
Bozorlar eng og‘ir yo‘nalishlardan biri. Xalqimiz orasida “Bozor va mozorga tegma”, degan naql bor va ushbu gapning ortida asosli xavotirlar yotibdi. Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgani joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi, ammo aytish lozimki, hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi. Shuning uchun 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Lekin bir narsani aniq aytaman: birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi. Investorga uchta qat’iy shart qo‘yiladi: belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib davlatga topshirish, mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlash va yetarli sig‘imdagi avtoturargoh barpo etish. Investor faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, xizmat va ko‘ngilochar ob’ektlar qurish huquqini oladi. Ekobozor bu model ishlashini ko‘rsatdi. Xalqaro tajriba ham bor – Rotterdamdagi Markthal yoki Lissabondagi Time Out Market tarixiy bozor funksiyasi saqlangan holda shaharning eng gavjum nuqtalariga aylangani bunga misol bo‘la oladi. Bizning bozorlarimiz ham milliy muhitini saqlagan holda aynan shunday rivojlanishi kerak – “Mega Planet” yoki “Magic City” misolidek emas.
Yana bir katta ishlarimizdan biri, bu – 24/7 ishlaydigan turistik va gavjum ko‘chalar. Umumiy uzunligi 140 kilometr bo‘lgan 100 ga yaqin ko‘cha tanlab, toifalarga ajratildi, – mahalliy dam olish hududlaridan to turistik manzillargacha. Sinov tariqasida bugungi kunda 8 ta tunu kun ishlaydigan ko‘cha ochildi. Eng muhimi, biz faqatgina ta’mirlash yoki qurilish bilan cheklanmaymiz, har bir ko‘chaga infratuzilmani ozoda saqlaydigan va tadbirlar tashkil etadigan boshqaruv kompaniyalarini, shu jumladan, eng rivojlangan shaharlarda ishlaydigan samarali va kreativ jamoalarni jalb qilyapmiz. Xalqimiz dunyoda eng yaxshi shaharlardan kam bo‘lmagan poytaxtda yashashga haqli.
Uchinchi masala, bu – avtoturargohlar. Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan birgalikda 200 ming avtomobilga mo‘ljallangan ko‘p qavatli va yer osti turargohlar uchun joylar belgilandi va bosqichma-bosqich auksionga chiqarilmoqda. Afsuski, ilgari avtoturargoh uchun ajratilgan ko‘plab yerlarda biznes markazlar qurilib ketilgan, bunaqa xatolar takrorlanmasligi uchun bugungi kunda tegishli organlar bilan bu masalani qattiq nazorat ostiga olganmiz. Uchala yo‘nalishni birlashtirgan tamoyil bitta – davlat sharoit yaratadi, investor quradi, aholi uchun xizmat sifati oshadi, jamoat manfaati esa qat’iy intizom va shartlar bilan ta’minlanadi.
– Yurtimizda yoshlarni kitobxonlikka jalb etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror asosida aholini umuman, yoshlarni kitobxonlikka jalb etuvchi vazifalar mavjudmi?
– Qarorda kitob va kitobxonlik shahar muhitining tarkibiy qismi sifatida qaralgan. Buni insonning odatiy yo‘li orqali tushuntirsam, odam uyidan chiqadi, o‘z mahallasida kitobxonlik burchagini ko‘radi. Bunday burchaklar endilikda poytaxtdagi barcha – 585 ta mahallada bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Tuman markaziga borsa, zamonaviy kutubxonaga duch keladi, ya’ni 12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurish rejalashtirilgan, joylari allaqachon belgilangan. Bilasizmi, maqsadimiz – shunchaki kitob saqlanadigan bino qurish emas, yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan va o‘zining ilmiy-ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan jamoat makonini yaratish.
Hatto savdo majmuasiga kirganda ham, insonlar kitobdan uzoqlashmaydi, yangi qurilayotgan yirik savdo markazlarida maydoniga mos kitob do‘kon ochishi majburiy talab sifatida belgilandi. Eng ilg‘or mamlakatlarda kutubxonalar shaharning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘ladi. Rivojlanishda yangi bosqichga chiqmoqchi ekanmiz, poytaxtimizda ham kutubxonalar eng ko‘rimli va shinam maskanlarga aylanishi shart. Hattoki gavjum va turistik ko‘chalarimizda ham imtiyozli shartlarda kitob do‘konlari va kitob kafelari ochiladi.
Markaziy loyihamiz – xalq orasida «Moviy gumbazlar» deb ataladigan hudud. Bu joy tarixan kitob savdosining markazi bo‘lgan. Endi uni mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantiramiz. Joriy yil iyulida majmuaning tarixiy qiyofasini to‘liq tiklash e’lon qilindi, loyiha kitobxonlar va jamoatchilik muhokamasi bilan amalga oshiriladi.
Infratuzilmaning o‘zi yetarli emas, albatta – rag‘bat ham kerak. Prezidentimiz boshlab bergan an’ananing davomi sifatida shahar miqyosida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini joriy etamiz.
Maqsad bitta – inson qayerda bo‘lmasin, mahallada, tumanda, ko‘chada yoki savdo markazida – kitob unga yaqin bo‘lsin. Biz “O‘n besh daqiqalik shahar” deganda, aslida shuni ham nazarda tutamiz.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.