Manzilli yordam ko‘rsatilyapti
Mamlakatimizda aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishda shaffof va raqamlashtirilgan yangi tizimni joriy etish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturida nazarda tutilgan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish tufayli hududlarda oilalarning yashash sharoiti yaxshilanyapti.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Qoraqo‘yli mahallasida ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Ayniqsa, mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodim tomonidan olib borilayotgan manzilli ishlar orqali ko‘plab fuqarolarning muammolari o‘z vaqtida hal etilmoqda. Mahallada hozir jami 708 ta xonadon, 1 ming 37 ta oila, 3 ming 948 nafar fuqaro istiqomat qiladi.
Jumladan, 94 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs hamda 77 ta ijtimoiy reyestrdagi oilalar mavjud. 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlandi hamda turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga, 5 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ish bilan ta’minlandi, 7 nafar alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bola inklyuziv ta’limga jalb qilindi, 4 nafar fuqaro adaptiv sportga yo‘naltirildi, 2 nafar yolg‘iz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar aniqlanib, reyestrga kiritildi va ularga assistent biriktirilgan.

Aniq misollar bu ishlarning samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Jumladan, Muqaddas Fozilova yolg‘iz yashovchi keksa sifatida reyestrga kiritilib, unga assistent biriktirildi va doimiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Shuningdek, unga 6 oylik moddiy yordam tayinlanib, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan oziq-ovqat hamda kiyim-kechak mahsulotlari yetkazib berildi. Hashar yo‘li bilan yashab turgan xonadoni ta’mirlandi.

Yana bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha keys ochildi. Fuqaroga nisbatan himoya orderi berish uchun ariza rasmiylashtirildi hamda u birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirildi. Psixologik yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi. Shu bilan birga, oila ijtimoiy reyestrga kiritilib, bolalar nafaqasi tayinlandi. Hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim hamkorligida daromadini oshirish maqsadida imtiyozli kredit ajratilishi ta’minlandi.

— Insonlarga yordam bera olayotganimdan faxrlanaman. Har bir hal etilgan muammo bu bir inson hayotidagi ijobiy o‘zgarishdir. Oxirgi yillarda mahallamizda ham sa’y-harakatlarimiz tufayli ko‘plab oilalarning turmush sharoiti yaxshi tomonga o‘zgardi. Har bir xonadonga kirib borganimiz sari yana bir mavjud murojaatni aniqlab, unga yechim topishga intilamiz. Fuqarolarimiz ham bu ishlardan mamnun, — deydi Qoraqo‘yli mahallasi ijtimoiy xodimi Narzulla Komilov.
Bo‘ka tumani Qoraqo‘yli mahallasida amalga oshirilayotgan manzilli ishlar orqali ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi oshmoqda. Eng muhimi. inson qadri ta’minlanyapti.
A. Musayev, O‘zA