Ma’lumotlar markazi: talabalarga ko‘mak
Andijon viloyatida oliy o‘quv yurtlari talabalarini yotoqxona, turar-joy bilan ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi 11 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida qariyb 60 ming nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Bugungi kunda ularning 10 ming nafarga yaqini oliy o‘quv yurtlariga qarashli talabalar turar joylarida istiqomat qiladi. Bir qancha talabalar esa institutlarga yaqin hududlardagi xonadonlarda ijara asosida yashab keladi. Ularning ma’lum qismiga oliy o‘quv yurtlari tomonidan byudjet mablag‘lari hisobidan ijara pullarining 50 foizi to‘lab berilmoqda.


Hozirda Andijon davlat tibbiyot institutida 11 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Talabalarning aksariyati institut tasarrufidagi 5 ta talabalar yotoqxonasida istiqomat qiladi. O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida bugungi kunga kelib, 1 ming 862 nafar institut talabasining yotoqxona va ijara xonadonga ehtiyoji borligi ma’lum bo‘ldi.
Ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, xususan, yangi o‘quv yili oldidan institut talabalari hamda shu yil o‘qishga qabul qilinadigan yoshlarning turar joy bilan bog‘liq muammolarini hal etishlariga ko‘maklashish maqsadida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.


Endilikda talabalar institut yotoqxonasidan turar joy olish yoki o‘zlariga qulay hududlardan ijara xonadon topishda markaz xizmatidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.
Markaz ayni kunlarda belgilangan tartibda ish olib bormoqda, talabalarga taklif etilayotgan ijara xonadonlari, umuman, ijara masalalari bo‘yicha zarur ma’lumot, taklif va tavsiyalar berilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.