Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Ochiqlik indeksida yuqori natijani qo‘lga kiritdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tgan 2025-yilda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi hamda natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi yakunlari e’lon qilindi.
Ushbu natijalarga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 82,6 ball (yashil samaradorlik ko‘rsatkichi) bilan yuqori o‘rinni egalladi. Shuningdek, vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi 73,3 ball natijani qayd etdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mazkur baholash jarayonida jami 86 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olingan.
Qayd etilishicha, ushbu natijalar davlat idoralarida shaffoflikni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda fuqarolarga ochiq ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish yo‘lidagi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA