Mahalliylashtirish va innovatsiya chorrahasidagi yangi uchrashuvlar
Mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish yo‘lida xalqaro hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Bu borada yuqori texnologiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muloqotlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Shunga ko‘ra, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va “Contemporary Amperex Resources Group” kompaniyasi boshqaruv kengashi kotibi Chen Syaolun o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham istiqbolli sanoat aloqalarini mustahkamlashga qaratildi.
Unda O‘zbekistonda litiy-ion batareyalar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollari, sohaga investitsiyalar jalb qilish hamda elektrotexnika sanoatida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik energiya saqlash tizimlari, elektr transport vositalari va zamonaviy elektronika hamda elektrotexnika mahsulotlari uchun muhim ahamiyatga ega komponentlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda texnologik zanjirlarni yanada chuqurlashtirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda yuqori qiymatli mahsulotlar ulushini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shu bilan birga, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov “GAC International” kompaniyasi prezidenti doktor Ueyn Vey bilan ham muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda yurtimizda avtoehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyatlari muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, avtomobilsozlik sanoati uchun zarur butlovchi qismlar ishlab chiqarishni tashkil etish ichki bozor ehtiyojini ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Shunga asosan mamlakatimizda sanoat tarmoqlari o‘rtasidagi kooperatsiyani mustahkamlash va mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish maqsad qilingan.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston-Gonkong biznes forumi doirasida tashkil etilgan mazkur uchrashuvlar mamlakatimizda mahalliylashtirish siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda xalqaro sanoat hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA