“Vazir soati”da ustuvor vazifalar belgilandi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova rahbarligida navbatdagi “Vazir soati” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda yangi o‘quv yilida bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari, “Muxlislar maydoni” loyihasini takomillashtirish hamda soha faoliyati targ‘iboti samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik mas’ullari, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 20-iyunidan boshlanadigan 1-sinfga qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mas’ullarga qabul jarayonlari onlayn va an’anaviy tartibda amalga oshiriladigan hududlar, tashkil etilgan shtablar hamda Ishonch telefonlari haqida ota-onalarni keng xabardor qilish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, har bir murojaatni sinchiklab o‘rganish va fuqarolarga tushuntirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda mamlakat bo‘ylab 220 ta umumta’lim maktabida tashkil etilayotgan “Muxlislar maydoni” loyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Loyihani samarali amalga oshirish maqsadida maktablarning tayyorgarlik holatini qayta ko‘rib chiqish, ularni futbol tomoshalarini namoyish etish uchun zarur texnik vositalar bilan ta’minlash hamda xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, soha faoliyatini aholiga yetkazish va jamoatchilik bilan muloqotni yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni tezkor aniqlash va hal etish, axborot tarqatish samaradorligini oshirish hamda tizimdagi barcha bo‘g‘inlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining hisobotlari eshitilib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA