Mahallalarda xavfsizlik ta’minlanmoqda
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Chilonzor tumanidagi bir qator ob’ektlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, Chilonzor tumanida “Aqlli tuman” platformasi va Vaziyatlar markazi faoliyatiga bag‘ishlangan loyihalar taqdimotini ko‘rib chiqdi.
Taqdimotda Vaziyatlar markazining imkoniyatlari, tegishli idoralar bilan integratsiyasi, hududdagi vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumotlarni tahlil qilish va ular asosida tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilish mexanizmlari namoyish etildi.
Amalga oshirilayotgan ishlar, joriy etilayotgan raqamli vositalar va ularning aholi uchun amaliy ahamiyati haqida jamoatchilikka ochiq axborot berish maqsadida tashkil etilgan taqdimotda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov ommaviy axborot vositalari vakillarining hududdagi loyihalar, raqamlashtirish jarayonlari va shahar boshqaruviga oid savollariga javob berdi.
Soliq tushumlari va yashirin iqtisodiyot, kommunal soha, renovatsiya, turizm ko‘chalari, bozorlar va avtoturargohlar hamda shahar hayotining boshqa yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan yechimlar haqida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng hokim, Chilonzor tumanidagi “Botirma” MFY hamda Al-Xorazmiy ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 gastronomik maskanda bo‘ldi. Ushbu manzildagi uchrashuv yangi - “Hisobot, muloqot, taqdimot” shaklida tashkil etilib, unda 40 nafar MFY raisi va faol fuqarolar ishtirok etdi. Taqdimot davomida hududlarda “Xavfsiz hudud” yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, hududdagi sug‘orish tizimini takomillashtirish, namunaviy maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish hamda mavjud sharoitlarni yaxshilash yuzasidan loyihalar taqdimot qilindi. Muloqot davomida mahalla raislari va faol fuqarolar bilan hududlardagi mavjud masalalar, ularning yechimlari hamda amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida poytaxt hokimi Bog‘zor mahallasida bo‘lib, hududdagi zamonaviy kogeneratsiya podstansiyasi faoliyati bilan tanishdi. “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi rahbariyati va mas’ul mutaxassislar tomonidan o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berilib, tizim samaradorligini oshirish hamda kelgusi yillarga mo‘ljallangan rejalar taqdim etildi.
Hududda olib borilayotgan ishlarning bugungi holati, mavjud masalalar va ularni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Muloqot davomida amalga oshirilgan ishlarning natijalari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilinib, belgilangan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Muhokama davomida ob’ektlarni kommunal infratuzilmaga ulash tizimining tarqoqligi masalasi ham ko‘tarildi. Shuningdek, “Ochiq osmon” dasturi tajribasidan kelib chiqib, poytaxtda to‘siqsiz muhit yaratish, shahar dizayn-kodiga mos zamonaviy, estetik va yagona yechimlarni joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish doirasida 7 yilga mo‘ljallangan, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va umumiy qiymati 2 milliard yevroni tashkil etuvchi dastur haqida ham so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, dastur doirasida Yevropa tajribasini joriy etish, jumladan, individual kommunal boshqaruv pultlari tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvlar Chilonzor tumanidagi "Savdo akademiyasi" o‘quv markazida davom etdi. Bu yerda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash, xodimlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’limni bevosita ish jarayoni bilan bog‘lash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, savdo akademiyasi davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-fevraldagi “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida “Savdo va servis” uyushmasi huzurida nodavlat professional ta’lim tashkiloti sifatida tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifasi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni yagona kasbiy standartlar asosida tayyorlashdir. Hozirda akademiyada sotuvchi-kassir, novvoy-tandirchi, go‘shtni parchalash va unga ishlov berish mutaxassisi hamda tovarshunos yo‘nalishlari bo‘yicha litsenziyalangan qisqa muddatli malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari tashkil etilgan.

Ta’lim dual shaklda olib boriladi. Tinglovchilar dastlab akademiyada nazariy va amaliy mashg‘ulotlardan o‘tadi, keyingi bosqichda esa o‘qishni bevosita ish joyidagi amaliyot bilan davom ettiradi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod ishga qabul qilinib, bir vaqtning o‘zida akademiyada o‘qishga yo‘naltiriladi va ish faoliyatining birinchi kunidan boshlab unga ish haqi hisoblanadi. Taqdimot davomida savdo va servis sohasida xodimlarni amaliy ko‘nikmalar asosida tayyorlash, ish beruvchilarning ehtiyojlariga mos kadrlar yetishtirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan yondashuvlar haqida ma’lumotlar berildi.

Ochiq muloqot Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Chilonzor tumani mahalla faollari bilan davom etdi. Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga Toshkent shahri va Chilonzor tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari taqdim etildi.
Jumladan, sanoat korxonalari faoliyatini kengaytirish, renovatsiya dasturlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, turizm va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, byudjet tushumlarini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, har bir raqam ortida minglab insonlarning mehnati, yangi loyihalar va poytaxtni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mujassam. Uchrashuvning asosiy qismi savol-javob va ochiq muloqot tarzida davom etdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, Chilonzor tumani xavfsiz muhitni ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish yo‘nalishida Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan. Shu munosabat bilan tadbir doirasida ichki ishlar vaziri tomonidan tumanda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan hisobot taqdim etildi.
Unda jamoat xavfsizligini ta’minlash, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida ma’lumot berildi. Ko‘rilgan kompleks choralar natijasida tumanda jinoyatchilik darajasini sezilarli kamaytirishga erishilgani qayd etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA