Shaharsozlik sohasidagi qonunbuzarliklarga qarshi javobgarlik kuchaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi qonunbuzarliklarning oldini olish hamda ular uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda shaharsozlik qonunchiligi talablarini buzish holatlari saqlanib qolmoqda. Xususan, 2023-yilda qariyb 8 ming, 2024-yilda esa 9 mingga yaqin qonunbuzarlik holati aniqlangan.
Mas’ul idoralar ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish ishlarida belgilangan talablarga rioya etilmagani sababli 4 mingdan ortiq ob’ektda ishlar to‘xtatilgan. Shuningdek, 2025-yilda 2 350 ta ob’ektda aniqlangan qoidabuzarliklar noqonuniy qurilmalarni buzdirish orqali bartaraf etilgan.
Qonun loyihasida shaharsozlik sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish va mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar nazarda tutilgan.
Jumladan, loyihasiz, ruxsatnomasiz yoki ob’ektning funksional maqsadiga zid ravishda amalga oshirilgan qurilish ishlari uchun yuridik shaxslarga har bir kvadrat metr maydon uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravariga teng moliyaviy sanksiya qo‘llash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik sohasida qonuniylikni ta’minlash, aholi uchun qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirish hamda qurilish ishlari ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zA