Mahallalarda «Obodlik va mehr-saxovat oyligi» o‘tkazilmoqda
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» o‘tkazilmoqda. Ushbu oylik davomida hududlarda tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu oylikdan maqsad ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning holidan xabar olib, ularga ma’naviy yordam ko‘rsatish.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ushbu islohotlar doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati Kengashi raisi Akram Rahmonqulov Jizzax shahridagi Turon mahallasida bo‘lib, «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, xonadonlar va tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish holati bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganishlar davomida mahalla fuqarolari bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, hududlarni yanada obodonlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yashil maydonlarni ko‘paytirish, o‘simliklarni sug‘orishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatish, mahallada o‘zaro hamjihatlik, insonparvarlik va saxovat muhitini yanada mustahkamlash muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ushbu sa’y-harakatlar natijasida mahallalarda qo‘ni-qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanmoqda, hududlar obodonlashtirilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga esa moddiy va ma’naviy yordam berilmoqda.
Soliha Abdug‘afurova,
O‘zbekiston Milliy universiteti
Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi.
O‘zA